Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik fuqaro o‘z uyida itlarni so‘yib, ularning go‘shtini mahalliy oshxonalarga sotib kelgani aytilgan videoyozuv bo‘yicha izoh berdi.

3 iyul kuni Andijon shahri bo‘yicha boshqarmaga Andijon shahar Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xati va to‘plangan hujjatlari kelib tushgan. Unga ko‘ra, SEO va JSX xodimlari tomonidan Andijon shahar O‘zgarish MFYda yashovchi fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatga asosan, T.Keldiyev ko‘chasi 75 uyda yashovchi fuqaro O.G‘.ning yashash xonadoni borib o‘rganilgan.

Natijada ushbu fuqaro xonadonida jami 12 ta it va kuchuklar ularni boqish qoidalarini buzgan holda saqlab kelinayotgani, shuningdek, ushbu xonada it terisi va suyaklari aniqlangan. Shu sababli O.G‘. tomonidan so‘yilgan it go‘shtlari go‘sht mahsuloti sifatida kimga va qayerga berilganligi holatiga aniqlik kiritishda amaliy yordam berish so‘ralgan.

Shunga asosan olib borilgan tekshiruv jarayonida fuqaro O.G‘. oxirgi olti oydan buyon o‘zining iste’moli uchun itlarni so‘yib, go‘shtini iste’mol qilib kelgani, ammo it go‘shtini go‘sht mahsuloti sifatida biron bir shaxsga sotmagani va topshirmagani aniqlangan.

Mazkur erkakka nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 110-moddasi 1-qismida hamda hayvon, jumladan, itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish oqibatida ular o‘lishiga sababchi bo‘lgani uchun 111-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Qonunda va uning sanksiyasida huquqbuzarni belgilangan jarimadan ozod qilish asoslari nazarda tutilmaganligi sababli hozirda fuqaro O.G‘.dan huquqbuzarligi yuzasidan belgilangan jarimani undirish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi viloyat IIB xabarida.