15 iyul kuni Toshkent shahrida AQSh, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston vakillari yangi to‘rt tomonlama maslahatlar platformasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildilar, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

«AQSh, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston vakillari qisqacha aytganda mintaqaviy bog‘liqlikni kengaytirishga qaratilgan yangi to‘rt tomonlama diplomatik platformanini tashkil etish to‘g‘risida kelishib oldilar», — deyiladi bayonotda.

«Tomonlar Afg‘onistondagi uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik mintaqaviy bog‘liqlik uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblaydi hamda tinchlik va mintaqaviy aloqalar o‘zaro bir-birini mustahkamlaydi degan yakdil fikrni bildiradi», — deya ta’kidlanmoqda bayonotda.

Samarali xalqaro savdo yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish uchun tarixiy imkoniyatni anglagan holda tomonlar savdoni kengaytirish, tranzit yo‘llarni yaratish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun hamkorlik qilishga umid qilmoqda, deyiladi matnda.

Tomonlar ushbu hamkorlik shartlarini «o‘zaro konsensus asosida» belgilab olish uchun yaqin oylarda uchrashishga kelishib oldilar.