Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida so‘z yuritdi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, asosiy kommunal xizmatlar monopol tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi. Iste’molchida tanlash imkoniyati yo‘q. «Agar bu tashkilotlar iste’molchining manfaatlariga hurmat nazari bilan qarasa, huquqlarini poymol qilmasa, xizmatidan rozi bo‘linsa, mayli edi», — deydi u.

«Ammo hech qanday ogohlantirishsiz elektr soatlab emas, kunlab o‘chirilsa, tabiiy gaz yoki suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlarga izoh shart bo‘lmasa, aholi ichmagan suvi uchun pul to‘lashga majbur bo‘lsa, telefon aloqasida ham g‘azabni keltiradigan holatlar yetarli bo‘lsayu, ular ustidan chora ko‘rishning samarali qonuniy asosi bo‘lmasa, nima qilish kerak?» — deya savol bilan murojaat qildi deputat.

Maqsuda Vorisova yuqorida ko‘rsatiladigan barcha kommunal xizmatlar uchun aholi va ta’minotchi o‘rtasida tuziladigan shartnomalar to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi.

«Chunki unga yuridik hujjat maqomi berilishi, unda tomonlarning huquq va mas’uliyati aniq ko‘rsatilmasa, yana elektr ta’minoti uchun to‘lovni 5 kunga kechiktirgan fuqaro jarima to‘laydi yoki ta’minotdan uzib qo‘yiladi. Lekin hech qanday ogohlantirishsiz elektr ta’minoti to‘xtatilsa yoki kuchlanish ortib ketgani sababli xonadonlardagi elektr asboblar ishdan chiqsa ta’minotchiga chora ko‘rishning imkoni yo‘q», — dedi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

Uning ta’kidlashicha, «adolatli shartnoma»da, albatta iste’molchi va ta’minotchining aniq manzil va bog‘lanish imkoni, ko‘rsatiladigan xizmat turi, hajmi, sifati, o‘lchov asboblarining kim tomonidan qanday tartibda, qanday muddatda nazorat qilinishi, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov shartlari va miqdori, har ikkala tomondan shartnomaning biror moddasi bajarilmagan taqdirda ko‘riladigan chora haqida aniq ma’lumotlar kiritilishi shart.

«Raqamli iqtisodiyot butun dunyoni egallayotgan davrda yashamoqdamiz. Har birimizning olishimiz zarur bo‘lgan va bizga ko‘rsatilgan kommunal xizmat hajmi ochiq bo‘lmas ekan, fuqarolarimizning elektr tarmoqlari yoki gaz ta’minoti korxonalarida kompyuter oldida o‘tirgan yoshgina xodimlarga yalinishlarini ko‘rishga, korxona mutasaddilarining ko‘rsatmalari asosida hisob raqamlarimizga o‘zlari xohlagan raqamlarini kiritishlariga guvoh bo‘laveramiz», — deydi deputat.

Uning qo‘shimcha qilishiga ko‘ra, Xalq demokratik partiyasi aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash, eng muhimi, bu borada ijtimoiy adolat tamoyillariga qat’iy rioya qilinishini hukumatdan talab qiladi.

Navoiy issiqlik elektr stansiyasini yetkazib beradigan gaz quvuri ta’mirlanishi munosabati bilan gaz ta’minoti va IESning bitta bug‘-gaz qurilmasi faoliyati to‘xtatilgan edi.

Anomal issiq ob-havo sharoitida mamlakatning bir necha hududlaridagi elektr energiya ta’minotida uzilishlar kuzatildi.