Kirish imtihonlarida eng yuqori bal to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy qilinadi. Bu haqda tegishli prezident qarori imzolandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Qarorga ko‘ra, 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy qilinadi. Grant davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning ta’lim sohalari bo‘yicha taqsimoti, ta’lim olish tilidan qat’i nazar, har yili ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Da’vogar abituriyentlar ro‘yxati kirish imtihonlari va tanlov to‘liq yakunlangandan so‘ng ushbu komissiya tomonidan tasdiqlanadi.

Muayyan ta’lim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi bo‘yicha so‘nggi o‘rindagi abituriyent va u bilan bir xil ball to‘plagan barcha fuqarolar Prezident grantiga da’vogar bo‘ladi.

OTMga o‘qishga kirishda imtiyozi bor abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan baliga qo‘shib berilgan ballar ushbu grantga da’vogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.

Prezident grantiga da’vogar bo‘lgan abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni «a’lo» baholarga o‘qigan, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga da’vogar talabalar orasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika oliy ta’lim kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida aniqlanadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan birinchi kursda barcha fanlarni «a’lo» baholarga o‘qigan Prezident grantiga da’vogar talabaga uning o‘qish davridagi yutuqlari, jumladan, ilmiy-tadqiqot faoliyati, tashabbuskorligi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirganligi, namunali xulq-atvorga, sohasi bo‘yicha zarur bilimga hamda respublikada olib borilayotgan islohotlarga o‘z fuqarolik pozitsiyasini bildira olish ko‘nikmalariga ega ekanligi kabi shaxsiy fazilatlari bo‘yicha tavsifnoma berishi kerak bo‘ladi.

O‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan talabalarga Prezident davlat stipendiyasi tayinlanadi va to‘lanadi.

Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning o‘quv yili boshidan oyma-oy to‘lanadi va shuning uchun unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi.

Agar grant sovrindori o‘quv semestri yakuniga ko‘ra kamida bitta fandan «a’lo» baho olmasa, kelgusi o‘quv semestri mobaynida unga umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi. Navbatdagi o‘quv semestri yakuniga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat «a’lo» baho bo‘lganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va to‘lab boriladi.

O‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.

Prezident grantiga da’vogar talabalarga quyidagi minimal talablar qo‘yiladi:

  • o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga oid konferensiya (tanlov)larda ishtirok etish;
  • o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos kamida ikkita ilmiy-tadqiqot ishi (asar)ni e’lon qilish;
  • davlat tili bilan bir qatorda kamida bitta xorijiy tilni (MDH mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) va O‘zbekiston tarixini bilish.