5 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezidentlar Afg‘onistonning shimoliy hududlaridagi ahvol yomonlashishi munosabati bilan Markaziy Osiyodagi vaziyatning rivojiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

O‘zbekiston va Rossiyaning vakolatli idora va tashkilotlari o‘rtasidagi muntazam muloqotlarni davom ettirishga va yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

TASSning yozishicha, dushanba kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskvaning Afg‘onistonning chegaraoldi hududlarida AQSh harbiylarining u yerdan olib ketilishi ortidan vaziyatning rivojlanishidan xavotirda ekanligini aytdi. Unga ko‘ra, RF rahbariyati mamlakatdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va u yerda «beqarorlik yuz berayotganini» ta’kidlamoqda.

RF Tojikistonga chegaralarni himoya qilishda yordam berish uchun qo‘shimcha kontingent yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqyaptimi yoki yo‘qmi degan savolga javoban, Kreml vakili Rossiya harbiylari va chegarachilari Afg‘onistonning chegara hududlarida vaziyatning og‘irlashishini kuzatib borishini va tegishli choralarni ko‘rishini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali muloqotda mintaqada Afg‘oniston yo‘nalishidagi ahvolning yomonlashishi va keskinlikning kuchayishi bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanishini muhokama qilgan edilar. Tomonlar Afg‘oniston bilan chegarani qo‘riqlashni kuchaytirishda kuch ishlatar tuzilmalar va huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishga tayyorligini tasdiqladilar.

Vladimir Putin Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasida vaziyatning keskinlashishi munosabati bilan Tojikistonga yordam berishni va’da qildi. Kreml saytidagi bayonotga ko‘ra, Vladimir Putin Emomali Rahmon bilan telefon orqali suhbatda «Tojikistonga ham ikki tomonlama tartibda, ham Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida kerakli ko‘makni berishga tayyorligini tasdiqladi».

Shuningdek, 5 iyulga o‘tar kechasi «Tolibon» kuchlari Afg‘onistonning Badaxshon provinsiyasidagi oltita okrugni o‘z nazoratiga olgani xabar qilingan edi. Tojikiston qo‘shni davlat hududiga chekingan Afg‘oniston hukumat qo‘shinlarining 1000 dan ortiq harbiy xizmatchilarini qabul qildi. Prezident Emomali Rahmon tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy xizmatchini safarbar qilishini e’lon qildi.

Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashgani ortidan taxminan 100 nafar afg‘on harbiy xizmatchilari va qurolli guruhlar a’zolari O‘zbekiston chegarasini buzib o‘tgan edi. Ularning barchasi ortga qaytarildi.