O‘zbekistonda yangi hafta boshida Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi hisobiga ob-havo ko‘tarilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. SSV va FVV issiq ob-havodan saqlanish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning xududlardagi 13 ta filiali hamda 173 ta tuman va shahar bo‘limlarida zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan.

Ta’kidlanishicha, kuzatilayotgan bunday jazirama kunlarda birinchi navbatda boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin.

Buning oqibatida tana haroratining ko‘tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakning tez urishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilashi mumkin.

Oftob urgan odamni darhol soya joyga yotqizib, ust-boshlarni yechib, muzdek suvga choyshabni ho‘llab butun tanasiga o‘raladi, sochiqni muzdek suvga ho‘llab boshiga qo‘yiladi. Bo‘yin va qo‘ltiq sohasiga muz xaltachalari qo‘yilsa foydadan holi bo‘lmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi va zudlik bilan tez yordam chaqiriladi.

Shuningdek, havoni yaxshi o‘tkazib, quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ta’kidlashicha, eng issiq vaqt — 12:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqmaslik zarur.

Shuningdek, ko‘proq dush qabul qilish kerak. Qayd etilishicha, muntazam ravishda tozalanish badanga effektiv nafas olishga yordam beradi. Suv xona xaroratiday bo‘lishi kerak. Sovuq suv bilan yuvinish esa, tana xarorati keskin o‘zgarishi natijasida pnevmoniya kasalligiga olib keladi.

Shuningdek, oziqlanish ratsionini o‘zgartirish tavsiya etiladi. Issiq kunda ko‘proq sovuq taomlar iste’mol qilish kerak. Yog‘liq sut va go‘sht maxsulotlar iste’mol qilmang, ammo baliq va sabzavotlar maxsulotlaridan voz kechmaslik zarur. Sutli maxsulotlar xarid qilishda rastalarda quyosh nuri tushib turgan hamda iste’molga yaroqlik muddati o‘tib ketgan maxsulotlarni sotib olmaslik kerak.