O‘zbekistondan Qozog‘istonga meva-sabzavot karvoni keladi. Bunday natijalar bilan Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Baxit Sultonovning Markaziy Osiyo bo‘ylab ish safari yakunlandi, deya xabar bermoqda Forbes Kazakhstan. Spot bunga e’tiborni qaratdi.

«7 kun ichida biz qariyb 2 ming km yo‘l bosib, 3 mln dollarga turli xil mahsulotlarni sinov tariqasida yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzoladik, bir nechta kooperativ loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik va bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik rejalarini belgilab oldik: agrosanoat kompleksi, yengil sanoat, IT, mashinasozlik, elektrotexnika…», — deb yozdi vazir Facebook`dagi sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent hokimi bilan sanoat kooperatsiyasi to‘g‘risida kelishuvga erishildi, xususan, Qozog‘istonning Alageum Electric kompaniyasi tomonidan transformator ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Baxit Sultonov ta’kidlashicha, safar davomida Qozog‘iston delegatsiyasi «dalalar va bog‘larga, bozorlarga va agrologik markazlarga tashrif buyurgan, transport koridorlari va savdo bozorlari yo‘lidagi to‘siqlar haqida co‘rab-surishtirgan, dehqonlar, savdogarlar, viloyat rahbarlari bilan ko‘plab uchrashuvlar bo‘lgan».

«Biz muhokama qilgan juda muhim jihat: tovarlarni taqsimlash koridori bo‘ylab tashkil etiladigan logistika markazlarida nafaqat kalibrlash va saralashni, balki to‘g‘ri qadoqlashni tashkil qilish masalasini ham hal qilish kerak. Katta chakana savdo tarmoqlarida qadoqlash uchun juda qattiq talablar mavjud, ularsiz juda yaxshi mahsulot ham hech qachon rastalardan o‘rin egalla olmaydi», — dedi u.

Qozog‘iston Respublikasi vaziri tashrifning so‘nggi ikki kunida ikkita shartnoma imzolanganligini ma’lum qildi. Birinchisi — 500 ming dollar evaziga o‘zbek gilosini sotib olish bo‘yicha shartnoma. Uning doirasida «shartnoma tuzgan Qozog‘iston kompaniyasi yuqori sifatli o‘zbek va qozoq gilosining kengaytirilgan partiyasini keyinchalik Dubay savdo tarmoqlariga yetkazib berishni rejalashtirmoqda».

Ikkinchisi — Sug‘d viloyati G‘ofurov tumanidan 500 ming dollarga Qozog‘iston savdo tarmoqlariga meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma.