1 iyuldan boshlab YeOIIda ish qidirishning yagona tizimi ishga tushiriladi

1 iyuldan boshlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) hududida «Chegarasiz ish» deb nomlangan ish qidirishning yagona tizimi joriy etiladi. Bu haqda Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. «Bir vaqtning o‘zida umumiy integratsiya tizimini ishga tushirish uchun chet ellik hamkasblar bilan birgalikda a’zo davlatlar hududida ish topishning asosiy axborot tizimlari tayyorlandi: Armanistonning „Gors“ axborot tizimi, Belarus davlat bandlik xizmatining axborot portali, Qirg‘izistonning „Bandlik“ portali, „Rossiyada ishlash“ axborot tizimi va, albatta, bizning „Enbek“ portalimiz», — dedi vazir o‘rinbosari Erbol Ospanov.

«Chegarasiz ish» — bu YeOIIga a’zo davlatlarning axborot tizimlarida bo‘sh ish joylari va ish qidiruvchilar to‘g‘risida ma’lumot olish uchun qidiruv tizimi. Umumiy tizim YeOIIning barcha joylaridan ish izlovchilar va ish beruvchilarga ish joyini yoki ishchilarni qidirish, bo‘sh ish o‘rinlari va milliy mehnat birjalarida to‘plangan, tasdiqlangan va nashr etilgan rezyumelar asosida izlashga imkon beradi. — Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi.


JSST Xitoyni bezgakdan holi mamlakat deb e’lon qildi

Bu haqda tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyesus ma’lum qildi. «Bugun biz Xitoy xalqini mamlakatning bezgak ustidan g‘alaba qozongani bilan tabriklaymiz. Ushbu muvaffaqiyat katta mehnat bilan qo‘lga kiritildi va bunga o‘nlab yillar davomida amalga oshirilgan maqsadga muvofiq va izchil harakatlar natijasida erishildi», — dedi Gebreyesus. JSST direktorining ta’kidlashicha, bundan buyon XXR «bezgaksiz kelajak hayotiy maqsad ekanligini namoyish qiluvchi tobora ko‘payib borayotgan mamlakatlar qatoriga qo‘shilmoqda».

Xitoy Tinch okeanining g‘arbiy mintaqasida o‘ttiz yildan ortiq vaqt ichida bezgak ustidan g‘alaba sertifikatini olgan birinchi mamlakat bo‘ldi. Ushbu maqomga ega bo‘lish uchun mamlakat kamida uch yil ketma-ket o‘z hududida kasallikning mahalliy yuqtirish zanjiri qayd etilmagani to‘g‘risida rad etib bo‘lmaydigan dalillarni taqdim etishi kerak. Hozirda ushbu sertifikatga ega bo‘lgan davlatlar soni (ro‘yxat) 40 tani tashkil etadi. — JSST.


Kanadada rekord darajadagi issiqlik qayd etildi

Kanadaning g‘arbiy qismida ushbu hudud uchun rekord darajadagi issiqlik kuzatilmoqda. 29 iyun kuni Litton shaharchasida havo harorati 49,6 darajagacha ko‘tarildi. Ta’kidlanishicha, shu paytgacha butun Kanadada harorat 45 darajadan yuqori bo‘lmagan. Bunday rekord 1937 yilda (84 yil avval) Saskachevanda o‘rnatilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Vankuverda 25 iyundan beri shahar va uning atrofida 130 ta to‘satdan o‘lim holati qayd etilgan. Britaniya Kolumbiyasida 25−28 iyun kunlari 233 kishi vafot etgan. Avvalroq to‘rt kun ichida hududda o‘rtacha 130 o‘lim qayd etilar edi. Hozirda Vankuver va uning atrofida sovutish markazlari va vaqtinchalik favvoralar tashkil etilgan. Politsiya patrul xizmatini kuchaytirdi.

Iqlimshunos Devid Filips Kanada dunyodagi eng qorli va eng sovuq bo‘lgan ikkinchi mamlakat ekanligini eslab o‘tdi. «Bizda tez-tez sovuqlar, qor bo‘ronlari bo‘lib turadi, lekin bunday issiqlik haqida biz kamdan-kam gapiramiz», — dedi u. «Hozir Dubayda salqinroq», deya qo‘shimcha qildi Fillips. — VVS.


Hindistonda yil boshidan buyon 798 nafar shifokor koronavirusdan vafot etdi

Ushbu yilning birinchi yarmida kamida 798 nafar hindistonlik shifokor epidemiyaning ikkinchi to‘lqini paytida koronavirusdan vafot etdi. Eng katta yo‘qotishlar Dehlida kuzatildi, u yerda koronavirus bilan kasallangan 128 nafar shifokor vafot etdi. COVID-19 infeksiyasi Sharqiy Bihar shtatida 115 nafar, shimoliy Uttar Pradesh shtatida 79 nafar shifokorning o‘limiga sababchi bo‘ldi. O‘tgan yili Hindiston bo‘ylab 748 nafar sog‘liqni saqlash xodimi ushbu kasallikdan vafot etgan edi. — Times of India.


Yaponiya bosh vazirining 2020 yildagi daromadlari e’lon qilindi

Yaponiya bosh vaziri va mamlakatning hukmron Liberal-demokratik partiyasi rahbari Yosihide Suga o‘tgan yili jami 38,7 mln iyenadan (taxminan 350 ming dollar) sal ko‘proq daromad topdi. Daromad asosan hukumat rahbariga tegishli bo‘lgan ish haqi va boshqa to‘lovlardan iborat. — TASS.

May oyida Oq uy tomonidan e’lon qilingan soliq deklaratsiyalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden birinchi xonim Jil Bayden bilan birga o‘tgan yili 600 ming dollardan sal ko‘proq ishlab topgan. Shu bilan birga, vitse-prezident Kamala Xarris va uning eri Dag Emxoff 2020 yilda 1,6 mln dollardan ko‘proq daromad ko‘rgan.

1 aprel kuni Uraina prezidenti daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etgan edi. Vladimir Zelenskiy va oila a’zolarining 2020 yildagi daromadi 815 ming dollarni tashkil etgan.


AQSh Afg‘onistonda mingga yaqin harbiyni qoldiradi — OAV

Vashington Afg‘onistondagi kontingentining asosiy qismi chiqarilgandan so‘ng mamlakatda mingga yaqin harbiyni AQSh elchixonasi va Kobuldagi aeroportni qo‘riqlash uchun qoldirishi mumkin. Avvalroq Afg‘onistonda 650 nafarga yaqin harbiy qoldirilishi rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shinlar olib chiqib ketilgandan so‘ng, AQSh sheriklari bilan Afg‘onistonni iqtisodiy va gumanitar qo‘llab-quvvatlash, shuningdek xavfsizlik kuchlariga yordam berishda davom etadi.

Aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakat 1 maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqishni boshlashi va bu jarayonni 11 sentyabrgacha yakunlashni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgan edi.

Shunigdek: Italiya o‘z kontingentini Afg‘onistondan olib chiqish operatsiyasini yakunladi. Mamlakat mudofaa vazirining ta’kidlashicha, Italiya Afg‘oniston hukumatiga qo‘shinlarsiz yordam berishda davom etadi.