29 iyun kuni, Toshkentda YUNISEF va hamkortashkilotlar O‘zbekistonda bolalarni parvarish qilish tizimini xalqaro ilg‘or tajribaga muvofiq ravishda isloh qilish maqsadida, noinstitutsionllashtirishni tezlashtirish bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiyani o‘tkazdilar. Bu haqda «Gazeta.uz» ga YUNISEF matbuot xizmati xabar berdi.

«Har bir bola oilaviy muhitda tarbiyalanishini ta’minlash maqsadida noinstitutsionallashtirish Milliy strategiyasini yaratishning dolzarbmasalalari» deb nomlangan konferensiyaning maqsadi O‘zbekistondagi bolalarga institutsional g‘amxo‘rlikdan ular oila va jamiyat muhitida o‘sishlari uchun yo‘lni belgilab olishdir.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Senatining Yoshlar, madaniyat va sport ishlari qo‘mitasi tomonidan YUNISEF va O‘zbekistonning gender tengligi bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi internat muassasalarida yashovchi bolalarning ulushi shu yoshdagi aholining har 100 ming kishisiga 255 tani tashkil etadi, bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir (100 mingga 120 bola).

O‘zbekiston noinstitutsionallashtirish siyosatini ishlab chiqdi va tegishli harakatlar rejasini qabul qildi, deyiladi xabarda. «Biroq, yirik internat muassasalari so‘nggi chora emas, balki muqobil parvarishning eng asosiy ko‘rinishi bo‘lib qolmoqda. Institutsionllashtirish darajasi yuqori», — deya qayd etdi BMTning bolalar jamg‘armasi.

Tadbir davomida milliy tashkilotlar, shuningdek xalqaro ekspertlar O‘zbekistondagi bolalarni parvarishlash tizimini isloh qilish sohasidagi vaziyatni muhokama qildilar. Tadbir ishtirokchilari bolalar parvarishining zamonaviy tizimini ishlab chiqish bo‘yicha eng ilg‘or xalqaro va milliy tajriba hamda bu sohadagi saboqlar bilan bo‘lishdilar.

Xalqaro darajada bolalarni parvarish qilish sohasi katta muassasalar o‘rniga oilaviy va jamoatchilik asosida bir qator xizmatlar ko‘rsatish sari o‘zgarmoqda, deyiladi xabarda.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistoda noinstitutsionllashtirish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdilar. Mahalliy darajada nazoratni yaxshilab borib, yangi internat muassasalarining ochilishiga yo‘l qo‘ymaslik; oilalarni qo‘llab-quvvatlash va reintegratsiya xizmatlarini, shuningdek oila va hamjamiyatda muqobil parvarishni kuchaytirish, mavjud internat muassasalarini bolalar va oilalar uchun ijtimoiy xizmatlar markazlariga aylantirish shular jumlasidandir.

«O‘z oilalari va qarindoshlari bolalarga g‘amxo‘rlik qilganida ular gullab-yashnashi hamda institutsionllashtirish naqadar ziyonli ekani haqida YUNISEF ishonchli ma’lumotlarga ega. Bolalar hamjamiyatlarda ulg‘aysa, ularning barcha rivojlanish natijalari sezilarli darajada yaxshiroq bo‘lishini bilamiz», — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

«Institutsional parvarishni qo‘llashni so‘nggi chora deb biladigan hamda eng muhtojlar, jumladan uch yoshdan kichik va nogironligi bo‘lgan farzandlarni o‘stirayotgan oilalarga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarning keng ko‘lamini yaratishni nazarda tutadigan bolalar parvarishining zamonaviy tizimini barpo etishda hukumatni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deya ta’kidladi Munir Mamedzade.

«Har bir bola oilaviy muhitda tarbiya topishga, ota-ona mehrini, yaqinlari e’tibori va g‘amxo‘rligini his qilib yashashga to‘la haqli», — dedi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva. U shuningdek, Senatning tegishli qarorida chin yetimlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni «Mehribonlik» uylariga joylashtirish eng so‘nggi chora ekanligiga, bunday bolalarni oilalar tarbiyasiga berish birlamchi vazifa ekanligiga alohida e’tibor qaratish belgilanganligini ta’kidladi.

Tanzila Narbayevaning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga respublika bo‘yicha jami 71,6 ming nafar bola vasiylik va homiylik organlari nazoratiga olingan. 2019 yilning 1 martidan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun to‘lanadigan nafaqa miqdori 1,3 barobarga oshirilgan. 2011−2020 yillarda «Mehribonlik» uylarini tugatgan va uy-joyga muhtoj 1 188 nafar bitiruvchidan 610 nafariga uy-joy berilgan. Senat tashabbusi bilan joriy yilda davlat byudjetidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, mehribonlik uylarining 900 nafar bitiruvchilarini uy-joy bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan, deya qayd etdi Senat matbuot xizmati.

«Gazeta.uz» o‘z materiallarida bir necha bor mehribonlik uylarini noinstitutsionallashtirish mavzusini ko‘targan. Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova bizning nashrimizdagi maqolasida bolalar ixtisoslashtirilgan muassasalaridagi bolalarni noinstitutsionallashtirish vazifalari haqida so‘zlab bergan va mehribonlik uylari bolalar uchun joy emasligini ta’kidlagan. Dilmurod Yusupov nima uchun mehribonlik uylari yopilishi kerakligi va ular haqidagi afsonalarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini asoslab bergan edi.