UzAuto Motors yanvar-may oylarida Qozog‘istonda 11,7 ming dona avtomobil sotib, savdo hajmi bo‘yicha Lada`ni ortda qoldirgan holda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqda Spot xabar qildi.

Besh oy ichida kompaniya qo‘shni mamlakatga 134,9 mln dollarlik avtomobillarni yetkazib bergan. Ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan 84,6 mln dollarga oshgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, UzAuto Motors eksportining 90 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

May oyida Qozog‘istonda savdo hajmi 4697 foizga o‘sgani haqida xabar qilingan edi. Qozog‘istonliklar eng ko‘p Cobalt avtomobilini xarid qilmoqda, ushbu model har oy birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Chevrolet avtomobillari savdosida asosiy raqib — Hyundai bo‘lib turibdi. U brendlar o‘rtasida ikkinchi, uning Accent avtomobili esa modellar o‘rtasida uchinchi o‘rinda bormoqda.

Newauto.kz (Qozog‘iston avtosalonlari agregatori) saytida ko‘rsatilishicha, Cobalt narxi komplektatsiyaga qarab 4,7 mln dan 5 mln tengeni (so‘mda 113 mln dan 120 mlngacha) tashkil etmoqda.