Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va «Toza hudud» DUK tizimidagi tashkilotlarda 2017−2020 yillarda byudjetdan ajratilgan va byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlarda jami 87,3 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va uning tizimidagi byudjet tashkilotlarida xodimlarga ish haqi, mehnat ta’tili, moddiy yordam va mukofot pullarini hisoblashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida 9,4 mlrd so‘m miqdoridagi byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari noqonuniy sarflab yuborilgan.


Misol uchun, ekologiya, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga ajratiladigan tushumlarni, atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlarini hamda bioxilma-xillik yuzasidan tabiatga yetkazilgan zarar uchun tegishli tashkilotlardan 3,8 mlrd so‘m undirilishi ta’minlanmagan bo‘lsa, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 2,2 mlrd so‘m boshqa xarajatlarga ortiqcha va maqsadsiz sarflab yuborilgan.

Bundan tashqari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tizimidagi hududiy «Toza hudud» DUKlarga ajratilgan byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishida, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lashda, maxsus texnikalar va chiqindi konteynerlarini xarid qilishda hamda chiqindi poligonlarini qurilishida 77,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan.


Misol uchun, Andijon viloyati «Toza hudud» DUK hisobchisi o‘ziga tegishli bank kartasiga 282,7 mln so‘m mablag‘ni asossiz o‘tkazib, o‘zlashtirib yuborgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati «Toza hudud» DUKda xodimlarning oylik ish haqi miqdori asossiz ravishda yuqori qo‘llanilishi hisobiga ishchi-xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlardan 1,730 mlrd so‘m ortiqcha to‘lab yuborilgan.

Shu kabi holatlarga Navoiy (1,561 mlrd so‘m), Samarqand (776,4 mln so‘m), Surxondaryo (262,1 mln so‘m), Jizzax (173 mln so‘m), Xorazm (101,6 mln so‘m), Sirdaryo (50,5 mln so‘m) va Buxoro (29,6 mln so‘m) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi (236,3 mln so‘m) hududiy «Toza hudud» DUKlarida ham yo‘l qo‘yilgan.

Hududiy «Toza hudud» DUKlarida maxsus transport vositalaridan maqsadli foydalanilishida va yoqilg‘i moylash mahsulotlarini sarflash me’yorlariga amal qilinmaganligi natijasida 44,2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar asossiz ortiqcha sarflangan.

Misol uchun, maishiy chiqindi yig‘ish poligonlarida yordamchi bino, avtogaraj, ma’muriy binolar va inshoatlar qurilishida pudratchilar tomonidan bajarilmagan qurilish-ta’mirlash ishlarini hisobotlarga qo‘shib yozilishi oqibatida Toshkent (695 mln so‘m), Sirdaryo (587,5 mln so‘m), Navoiy (201,6 mln so‘m), Andijon (104,8 mln so‘m), Jizzax (91 mln so‘m), Farg‘ona (36 mln so‘m) va Xorazm (25 mln so‘m) viloyatlarida mablag‘lar asossiz sarflab yuborilgan.

Shuningdek, Buvayda tuman hokimining qarori bilan 2020 yilda poligon uchun ajratilgan hududda 470 mln so‘mga qurib bitkazilgan avtogaraj mazkur yilning noyabr oyida asossiz buzib tashlanib, byudjet mablag‘larini samarasiz sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Hududiy «Toza hudud» DUKlar tomonidan «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi Qonun talablariga rioya etilmasdan 11,3 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan va xaridlar amalga oshirilgan. Misol uchun, mazkur qonun talablariga zid ravishda Samarqand (7,1 mlrd so‘m), Buxoro (794,7 mln so‘m) va Namangan (372,4 mln so‘m) viloyatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar asosida tovar-moddiy boyliklar xarid qilingan.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi, deyiladi xabarda.