Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘zganing qurilish materialini boshqa bir fuqaroga 35,7 ming dollarga sotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.

Unga ko‘ra, fuqaro B.M. fuqaro A.ga metall savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonasi mavjudligini, shuning uchun arzon narxlarda armatura topib berishini ma’lum qilgan.

Aniqlanishicha, u aslida Zangiota tumanidagi bozorda savdo qiluvchi O.ga tegishli 50 tonna armaturani o‘ziga tegishli deb aldab, fuqaroning pullarini qo‘lga kiritgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.