Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda O‘zbekiston hukumati o‘rtasida kimyo sanoatini modernizatsiya qilish va o‘g‘itlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bitim imzolandi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

«O‘zbekistonning afzalligi shundaki, u o‘zining xom ashyosidan foydalanib, turli xil o‘g‘itlar, sanoat va iste’mol tovarlarini ishlab chiqara oladigan davlatdir. Ammo, davlat nazoratida bo‘lgan sohalar, asosan, sarmoyalar yetishmasligidan aziyat chekmoqda, samarasiz bo‘lib qolmoqda va ortiqcha resurslarni iste’mol qilmoqda», — deyiladi xabarda.

Mazkur loyiha zarur bozor islohotlari orqali sohadagi samarasizliklarni bartaraf etish, davlat ishtirokini kamaytirish va xususiy investorlar uchun teng sharoit yaratishga qaratilgan, deya qayd etdi Moliya vazirligi.

Mart oyida prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatiga juda katta mablag‘ ajratilgani, energiya samaradorligi jihatidan texnologiyalar yangilanganini ma’lum qilgan edi. «Endi bu tarmoq qo‘shilgan qiymat beradigan vaqt keldi. Juda katta imkoniyatlar bor. Agar har bir yo‘nalish bo‘yicha miqdorini, sifatini, narxini joy-joyiga qo‘ysak, eksport 5−6 barobar oshadi» — degan edi davlat rahbari.