Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida Izboskan tumanidagi Urganji mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, mahallada 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yil 915 o‘rinli umumta’lim maktabi ta’mirdan chiqarildi.

Dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga 10 sotixdan yer ajratilyapti. Mahalladagi 150 ta xonadonga 50 boshdan parranda berilib, o‘zini o‘zi band qilishi ta’minlangan.

Prezident ushbu mahallada Qurbonali O‘rinboyev xonadonida ham bo‘ldi. Davlat rahbari axborot xizmati rahbari Sherzod Asadovning xabar berishicha, ushbu xonadon egasining onasi Sanobar aya O‘rinboyeva prezidentni duo qildi.

Foto: Prezident axborot xizmati

«Sizni ko‘rganimdan behad xursandman. Hayotimdan mamnunman. Siz katta sharoitlar yaratib bergansiz», — deydi onaxon.

«Boshingiz omon bo‘lsin! Yuzga kirguncha yurtboshi bo‘ling. Biz uchun, yaxshi yashashamiz uchun qattiq kurashyapsiz. Sizdan juda-juda xursandmiz. «Xudodan har kuni ertalab so‘rayman, xalqimga tinchlik-osoyishtalik ber, birini ikki qil, deb. «Biz ham har namozimizda ey Allohim, shunday yurtboshimiz borligidan xursandmiz. Sog‘-omon bo‘lsin, deymiz», — deya duo qildi Sanobar aya O‘rinboyeva.

Shuningdek, prezident axborot xizmati bergan xabarga ko‘ra, davlat rahbari xonadonning yashash sharoitlari, parrandachiligini ko‘zdan kechirdi. Mahalla vakillari bilan suhbat bo‘ldi.

«Endi har bir xonadonning imkoniyatidan kelib chiqib, biznes-reja yozib beriladi. Davlat tashkilotlari sharoit yaratadi. Hozirgi zamonga munosib bo‘lib, mehnat qilmasak, niyatimizga yetolmaymiz. Xudoning o‘zi mehnatga, harakatga yarasha ajrini beradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.