Isroilda niqob taqish rejimi bekor qilindi

Isroil amalda bo‘lgan so‘nggi karantin cheklovini, ya’ni yopiq joylarda niqob taqish rejimini bekor qildi. 15 iyundan boshlab mamlakatdagi do‘konlarda, savdo markazlarida, jamoat transportida, ta’lim muassasalarida, idoralar va boshqa yopiq joylarda niqob taqish talab qilinmaydi. Kasalxonalarning ba’zi bo‘limlari, samolyot va qariyalar uylari bundan mustasno.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar mamlakatda 5,1 mlndan ortiq odam (aholining 55 foizidan ko‘prog‘i) vaksinaning ikki dozasi va deyarli 5,5 mln aholi kamida bitta doza bilan to‘liq emlangan. Emlash markazlari vaksinatsiya uchun 12 yosh va undan katta bo‘lgan o‘smirlarni ham taklif qilmoqda. — newsru.co.il

Aprel oyida mamlakatda koronavirus yuqtirish darajasining pasayishi munosabati bilan ko‘chada himoya niqoblarini taqish talabi bekor qilingan edi. Avvalroq Isroilda 1 iyundan boshlab koronavirus pandemiyasi sababli joriy qilingan deyarli barcha cheklovlar bekor qilingani haqida xabar bergan edik.


AQShda quturish kasalligi xavfi sababli mamlakatga itlarni olib kirishga vaqtinchalik taqiq joriy etildi

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) quturish kasalligi xavfi tufayli 14 iyuldan boshlab 113 mamlakatdan itlarni olib kirishni vaqtincha to‘xtatilishi haqida ma’lum qildi. «Ushbu vaqtinchalik taqiq AQShga kirib kelayotgan itlarning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash va aholi sog‘lig‘ini itlar quturish virusi variantining AQShga qayta olib kirilishidan himoya qilish uchun zarur», — deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, AQShda 2007 yilda itlar quturishi kasalligi to‘liq yo‘q qilingan edi. Markazning xabar berishicha, «hatto bitta quturgan itni ham olib kirish odamlarga, uy va yovvoyi hayvonlarga yuqtirishga olib kelishi mumkin». CDC’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSh olib kiriladigan barcha itlarning 6 foizi quturish xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlardan keladi. Quturish xavfi yuqori deb tasniflangan 113 mamlakat orasida Rossiya, Xitoy, Hindiston, Braziliya, Peru, Keniya, Ekvador va Indoneziya kabi davlatlar bor. — Interfaks.


Janubiy Koreya va KXDR o‘rtasidagi chegarani robotlar qo‘riqlaydi

Koreya Respublikasi KXDR bilan chegara hududida eng zamonaviy kuzatuv uskunalari va sun’iy intellekt bilan jihozlangan o‘z-o‘zini o‘rganadigan robotlarni joylashtiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qiymati 2,5 mln dollarga teng bo‘lgan dastlabki ikkita robotni shu yilning oktyabr oyida demilitarizatsiya qilingan zonaning janubiy tomoniga joylashtirish rejalashtirilgan. Ular uch oy davomida tajriba-sinov rejimida ishlaydi, shundan so‘ng ularni ommaviy ishlatish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Ma’lum qilinishicha, robotlar soniyasiga besh metrgacha bo‘lgan tezlikda maxsus relslar bo‘ylab harakatlanadi va kecha-kunduz navbatchilik qila oladi. Qurilmalar yuqori aniqlikdagi pan-tilt-zoom kamerasi va zamonaviy sensorlar bilan jihozlangan. Robotning sun’iy intellekti kameradagi tasvirlarni va tovushlarni mustaqil ravishda tahlil qilib, shubhali harakat aniqlanganda operatorlarga xabar beradi. — TASS.


Fransiyadagi IKEA’ning bo‘limi 1 mln yevro jarimaga tortildi

Versal sudi IKEA mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlari tarmog‘ining Fransiyadagi filialini xodimlar ortidan kuzatib borganlikda ayblab, 1 mln yevro jarimaga tortdi. Bo‘lim sobiq bosh direktori Jan-Lui Bayo ikki yilga ozodlikdan mahrum etilib, 50 ming yevro jarimaga tortildi. Ta’kidlanishicha, Fransiyadagi bo‘lim ishchilar, kasaba uyushma a’zolari va ishga joylashish uchun nomzodlarning «shaxsiy ma’lumotlarini yashirin yig‘gan». Qayd etilishicha, sud tomonidan ko‘rib chiqilgan faktlar 2000 yillarning boshlariga to‘g‘ri keladi. — TASS.


Yaponiyadagi muxolifat hukumatga ishonchsizlik votumini bildirdi

Yaponiyaning to‘rtta muxolifat partiyasi, shu jumladan yetakchi Konstitutsiyaviy demokratik partiyasi parlamentda ovoz berish uchun bosh vazir Yosixide Suga boshchiligidagi hukumatga ishonchsizlik to‘g‘risidagi qarorni taqdim etdi. Muxolifat amaldagi hukumatni koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan siyosatda ayblamoqda. Shuningdek, ular epidemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi choralarni muhokama qilish va qabul qilish uchun joriy parlament sessiyasini uch oyga uzaytirishni talab qilmoqdalar. Ayni paytda, parlamentning ikkala palatasida ko‘pchilikni tashkil etgan hukmron Liberal demokratik partiyasi va uning koalitsiyadagi sherigi Komeyto partiyasining ushbu rezolyutsiya loyihasini rad etishi kutilmoqda.

Shuningdek: Estoniyaning parlamentdagi konservativ muxolifat partiyalari a’zolari bosh vazir Kaya Kallasga qarshi ishonchsizlik votumini bildirishdi. Ularning aytishicha, amaldagi hukumat siyosati iqtisodiy rivojlanish sohasida samarasiz bo‘lgan va Estoniyaning mudofaa qobiliyatini oshirmagan.


Ukraina yangiliklari:

  • Ukraina Oliy Radasi mamlakatning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida MDH doirasida hamkorlik qilish bo‘yicha bitimlardan chiqishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjatni qabul qilish uchun 331 deputat ovoz berdi. Ukrainani MDH tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi asosiy qaror 2014 yil mart oyida qabul qilingan edi. 2019 yilda Ukraina MDHning muvofiqlashtiruvchi organlaridan chiqish tartibini yakunladi.
  • Shuningdek, Oliy Rada jismoniy shaxslarning daromadlari bo‘yicha bir marta ixtiyoriy ravishda deklaratsiya qilishni nazarda tutadigan soliq amnistiyasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Soliq amnistiyasi soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan fuqarolarga jazodan qochib, o‘zlarining haqiqiy daromadlarini oshkor qilishlari va mol-mulklarini deklaratsiyalashlariga imkon beradi. Ta’kidlanishicha, soliq amnistiyasi, xususan, pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar, shuningdek, Ukrainadagi va chet eldagi ko‘char va ko‘chmas mulkdan tashqari valyuta qiymatlariga nisbatan qo‘llaniladi.
  • Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Rada tomonidan qabul qilingan deklaratsiyadagi noto‘g‘ri ma’lumotlar uchun mansabdor shaxslarga jinoiy javobgarlikni qaytarish to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘lladi.
  • «Hayot uchun muxolifat maydonchasi» partiyasining besh mingdan ortiq vakillari Oliy Rada devorlari yonida «Urushga yo‘q!» shiori ostida, Donbassda tinchlikka erishishga qaratilgan miting o‘tkazdilar.

Shuningdek:

  • Chet elliklar uchun Rossiyada noqonuniy bo‘lish muddati 15 iyundan 30 sentyabrga qadar uzaytirildi. Noqonuniy migrantlar 30 sentyabrga qadar deportatsiya qilinmaydi va ularga jarima solinmaydi. Ushbu sanaga qadar ular o‘z maqomlarini qonuniylashtirishlari yoki mamlakatdan erkin chiqib ketishlari mumkin.
  • Xitoyning Xubey provinsiyasi Shiyan shahrida gaz portlashi oqibatida qurbonlar soni 25 kishiga yetdi. Kecha ushbu halokatda 11 kishi halok bo‘lgani va 144 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan edik.
  • Estoniya 2035 yildan boshlab rus maktablarini moliyashtirishni to‘xtatadi. Estoniya hukumati maktab ta’limini 2035 yildan kechiktirmay to‘liq eston tiliga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
  • Janubiy Afrikaning janubi-sharqidagi Kvaxlatida «olmos talvasasi» boshlandi. So‘nggi kunlarda minglab odamlar olmos izlash uchun bu yerga kelishmoqda. Kvazulu-Natal provinsiyasi pandemiya sharoitida odamlar ko‘pligidan xavotirda bo‘lib, barchadan hududni tark etishni so‘ramoqda. Qazib olingan toshlar soni tez sur’atlarda o‘sib bormoqda, ular darhol shu hududga yetib kelgan xaridorlarga sotilmoqda. Topilmalar asosan kichkina bo‘lib, qo‘lda 7 dan 20 dollargacha sotilmoqda.
  • Finlyandiyaning bir nechta hududlarida 35 mingdan ziyod uylar bo‘ron tufayli elektr ta’minotisiz qoldi. Kuchli shamol va yomg‘ir elektr tarmoqlarining uzilishiga olib keldi.