AQSh va Rossiyada 2 mingta yadroviy kallak yuqori tayyorgarlik holatida turibdi — SIPRI

Stokgolm dunyo muammolari tadqiqot instituti hisobotida aytilishicha, AQSh va Rossiyada ikki mingdan ortiq yadro kallaklari yuqori tayyorgarlik holatida turibdi. Shu bilan birga, har ikkala davlat ham yadro arsenalini kamaytirishni davom ettirayotgan bo‘lsa ham, har biri o‘tgan yilga qaraganda zahirasini o‘nlab yangi yadroviy kallakka ko‘paytirgan. Hisobotda to‘qqizta yadroviy davlat — AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va KXDR — birgalikda 2021 yil boshiga 13,1 ming yadro quroliga ega yekanligi ko‘rsatilgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 13,4 ming donani tashkil qilgan. «Yadro qurollari sonining umumiy qisqarishiga qaramay, o‘tgan yili mamlakatlarning jangovar tayyor kuchlarida joylashtirilgan yadroviy kallaklarning soni 3720 tadan 3825 taga ko‘paygan», deyiladi xabarda. Ularning ikki mingga yaqini Rossiya va AQShga to‘g‘ri kelmoqda. — SIPRI.

Avvalroq 2020 yilda AQSh yadroviy qurolga mablag‘ sarflash bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylangani xaqida xabar bergan edik.


Germaniyada Telegram bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi

Germaniya Adliya vazirligi Telegram messenjeri ustidan shikoyat qilgani, shuningdek, ish qo‘zg‘atgani ma’lum qilindi. «Ularda (Telegram`da — tahr.) shubhali kontent haqida shikoyat qilishning aniq yo‘li yo‘q», — dedi adliya vazirligi vakili. Der Spiegel’ning xabar berishicha, boshqa xizmatlar davlat organlari bilan hamkorlik qilmoqda, Germaniya hukumati esa uzoq vaqt davomida Telegram bo‘yicha qaysi manzilga so‘rov yuborishni bilmagan. Endilikda Germaniya Adliya vazirligi messenjer bo‘yicha rasmiy ish yuritishni boshlagan.

Nashrning keltirishicha, mamlakatda messenjerdan o‘ng qanot ekstremistlar, giyohvand moddalar sotuvchilari va firibgarlar foydalanadi. Germaniyada Telegram’ni darknet (yashirin tarmoq) tarmog‘ining muqobili deb atashmoqda. Hozirda Berlin Telegram`dan mamlakat rasmiylari bilan hamkorlik qilishni, noqonuniy kontentni olib tashlashni va tergov uchun zarur ma’lumotlarni maxsus xizmatga taqdim etishni talab qilmoqchi. Ta’kidlanishicha, mansabdor shaxslar kompaniyaning Dubaydagi ofisiga rasmiy so‘rov yuborgan, ammo javob olmagan. Der Spiegel`ning xabariga ko‘ra, messenjer 55 mln yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. — Der Spiegel.


Suriyadagi raketa hujumi natijasida 15 kishi halok bo‘ldi

Suriyaning shimolida joylashgan Afrin shahridagi kasalxonaga artilleriya hujumi natijasida kamida 15 kishi halok bo‘ldi. Bir kun oldin kasalxonaga uchirilgan raketalardan ikkitasi tug‘ruq va jarrohlik bo‘limlariga, yana bittasi esa poliklinikaga urilgan. Hujum paytida 43 kishi jarohatlandi. Bemorlar va jabrlanganlar boshqa kasalxonalarga yotqizildi. — Associated Press.


G7 rahbarlari rivojlanayotgan mamlakatlarga vaksinalarning 2,3 mlrd dozasini yetkazib beradi

G7 mamlakatlari rahbarlari rivojlanayotgan mamlakatlarga 2022 yil oxiriga qadar vaksinalarning 2,3 mlrd dozasini yetkazib berishga kelishib oldilar. Ma’lumki, Buyuk Britaniya kelgusi yilda 100 mln, Kanada 100 mlngacha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham 100 mln doza miqdorida vaksinalar bilan boshqa davlatlarni ta’minlaydi. Germaniya kansleri Angela Merkel koronavirusga qarshi vaksinalarning global ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlash muhim deb bilishini aytdi. «Biz ishlab chiqarish nafaqat Yevropada yoki Osiyoda, balki Afrika qit’asida bo‘lishini xohlaymiz va men Biontech boshqa kompaniyalar singari bu yo‘nalishda ham faol ish olib borayotganidan xursandman», — dedi u. Kanslerning ta’kidlashicha, sammit ishtirokchilari JSSTni kuchaytirishga ham kelishib oldilar. — Bloomberg.

Shu bilan birga, uchrashuv ishtirokchilari 2050 yilga kelib o‘z mamlakatlarida SO2 chiqindilarini nolgacha kamaytirishni va 2030 yillarda energetika sohasida uglevodorodlardan voz kechishga kelishib oldilar. Shuningdek, mamlakatlar Parij kelishuvi doirasida har yili iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga 100 mlrd dollar miqdorida mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq G7 mamlakatlari butun dunyoga vaksinalarning 1 mlrd dozasini ajratishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik. Hozirgacha qaysi mamlakatlarga va vaksinalarning qanday taqsimlanishi haqida ma’lumot yo‘q.


KXDR Janubiy Koreyaning qo‘shiqlari va kinolariga qarshi urush e’lon qildi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In K-pop`ni «xavfli o‘sma» deb atadi, mamlakatda esa Janubiy Koreyaning qo‘shiqlarini tinglash va kinolarini tomosha qilish uchun jazolar kuchaytirildi. Ko‘p yillar davomida Shimoliy Koreyaning tashviqoti Janubiy Koreyadagi hayot qiyinchiliklariga qaratilgan bo‘lgan. Ammo Xitoy orqali noqonuniy kirib kelgan Janubiy Koreyaning filmlari va kliplari bu tassavurni buzmoqda, deya yozmoqda Daily NK. 2020 yil dekabr oyida Shimoliy Koreya qo‘shni mamlakatning musiqasini tinglash, filmlarni tomosha qilish, kitoblarini o‘qish uchun jazolarni kuchaytirdi, xususan jazo mehnat lagerlarida o‘tash muddati 5 yildan 15 yilgacha oshirildi. Bunday materiallarni tarqatuvchilar o‘lim jazosigacha tortilishi mumkin.

Kim Chen In Janubiy Koreya madaniyatining KXDRda tarqalishi haqida bir necha bor gapirgan. Asia Press International`ning xabariga ko‘ra, yosh shimoliy koreyaliklarning kompyuterlari, telefonlari va musiqa pleyerlari Janubiy Koreyadagi kontentga tekshirila boshlandi. Bundan tashqari, mamlakatda «Janubiy Koreya uslubida» so‘zlash va yozish taqiqlangan. Daily NK`ning yozishicha, Janubiy Koreyadan tashqari, Shimoliy Koreya ham yapon va amerika madaniyatiga qarshi kurashmoqda. — Meduza.


Shuningdek:

  • Isroil parlamenti mamlakatning yangi koalitsion hukumatini tasdiqladi. Unga ko‘ra, 12 yil davomida Isroilning bosh vaziri bo‘lgan Binyamin Netanyaxu o‘z lavozimini tark etdi. «Yamina» partiyasi rahbari Naftali Bennet mamlakat bosh vaziri bo‘ldi. Partiyalar orasidagi kelishuvga ko‘ra, u ikki yildan so‘ng o‘rnini boshqa partiya yetakchisiga bo‘shatib berishi kerak bo‘ladi.
  • Moskvada epidemiologik vaziyatning yomonlashgani sababli 15−19 iyun dam olish kunlari deb e’lon qilindi, 20 iyunga qadar hayvonot bog‘lari va savdo markazlaridagi fudkortlar yopildi, restoran va kafelar kechki payt ishlamaydi. Talabalar imtihonlarni onlayn topshirishadi. Shunga o‘xshash cheklovlar, faqat dam olish kunlarisiz, Sankt-Peterburgda ham joriy qilindi.
  • Xitoyning Xubey provinsiyasi Shiyan shahrida gaz portlashi oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi, 144 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi. Portlash 13 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 06:30da sodir bo‘lgan. Portlash sabablari va holatlari bo‘yicha tergov boshlandi.
  • Shimoliy Irlandiyaning birinchi vaziri Arlin Foster iste’foga chiqdi.