Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha apellyatsiya shikoyati JIB Samarqand viloyati sudida ko‘rib chiqiladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Sattoriyning advokati Umidbek Davlatov ma’lum qildi.

Avvaliga shikoyatni JIB Surxondaryo viloyati sudi ko‘rib chiqishi lozim bo‘lgan. Biroq, blogerning himoyachisi arizasiga ko‘ra, Oliy sud raisi ish ko‘riladigan hududni o‘zgartirish masalasini ijobiy hal qilib bergan.

«Apellyatsiya shikoyatini Surxondaryodan boshqa viloyat yoki Toshkent shahrida ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qildik. Oliy sud raisi Samarqandga o‘tkazish bo‘yicha yakuniy xulosaga kelgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ish hujjatlari allaqachon Surxondaryo viloyati sudidan Samarqandga yuborilgan. Biroq, hozircha sud bo‘lib o‘tadigan sana va vaqti aniq emas.

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni Surxondaryo rahbariyatini tanqid qiluvchi bloger Otabek Sattoriyga nisbatan JKning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangani xabar qilingan edi.

Fevralning birinchi yarmida Bosh prokuratura surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning ishi bo‘yicha qonun buzilishi holatlari aniqlanmaganini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, bloger ustidan 7 ta holat bo‘yicha murojaatlar kelib tushgani aytilmoqda.

24 fevral kuni Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Sattoriy Otabek Abdumanonzodaga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a»,"b"bandlari va 3-qismi «a» bandi (tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi «a,g» bandlari (tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi «a» bandi (haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan edi.

4 maydagi sud majlisida prokuror Sattoriyni beshtasi bo‘yicha uni aybdor deb topishni va 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi.

Bunga qadar, prokuror suddan Otabek Sattoriyni beshta bandda aybdor deb topib, 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi. Sudlanuvchining advokati Umidbek Davlatov o‘shanda ham ayblovda ko‘rsatilgan holatlarning hech biri o‘z isbotini topmaganini aytgandi.

10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriyga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. U Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bilan oqlanib, tuhmat va tovlamachilik moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgandi. Unga sud uzil-kesil 6 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan edi.