Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahri aeroportida “Moskva-Qarshi-Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha parvozning kechikishi haqida xabar va video lavhalar tarqaldi.

“Mana O‘zbekistonda ahvol. O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri aeroportidamiz. 1,5 soat bo‘ldi samolyotga o‘tirganimizga, ko‘cha 60 daraja issiq. Qamab qo‘yishgan chiqarmayapti. Qancha odamning mazasi qochdi. Yana yetmaganiga akumlyatori o‘tirib qoldi, deydi samolyotni. Qachon biz rivojlanamiz, qachon kamimiz to‘ladi? Ikki ayolni olib ketishdi, mazasi qochib qoldi. 60 daraja ichkari…”, — deyiladi videoda.

“Nigoh” telegram-kanalining xabar berishicha, parvoz Rossiyaning “Royal Flight” aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Yo‘lovchilar bortga chiqarilgandan so‘ng, samolyot dvigatellari ishlamay qolgan. Bunga ob-havo sharoiti, ya’ni havo haroratining 44°dan yuqori bo‘lishi sabab bo‘lgan.

Natijada, ushbu parvozni tungi vaqtda amalga oshirish qarori qabul qilinib, yo‘lovchilar bortni tark etishgan. Yo‘lovchilarning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar kelib tushmagan.

“Samolyot 6 iyun kuni soat 04:54 da Moskvaga uchgan (aslida jo‘nash 5 iyun kuni soat 15:30 ga rejalashtirilgan edi)”, — deyiladi xabarda.

Transport vazirligining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, 5 iyun kuni Rossiyaning “Royal Flight” aviakompaniyasi Qarshi xalqaro aeroportidan ABG-2604 Qarshi — Domodedovo reysini amalga oshirishi lozim edi. Shu kuni soat 13:32 da “Royal Flight"ning Boeing-767−300 rusumli samolyoti Qarshi xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Aeroport tomonidan barcha texnik va servis xizmatlari ko‘rsatilgach, soat 16:10 da barcha yo‘lovchilar samolyotga chiqarib bo‘lindi.

Biroq respublikada kuzatilayotgan issiq tufayli samolyotning asosiy va qo‘shimcha dvigatellari qo‘shilmay qolgan. Samolyot kompyuteri parametrlarini qayta terish va bir necha bor dvigatellarni qo‘shishga qayta urinishlar ham issiqning haddan ziyod kuchayishi oqibatida samara bermagan. Asosiy va qo‘shimcha dvigatellarni ishga tushirish imkoni bo‘lmagach, tabiiyki, samolyotning konditsioner tizimi ham ishlamagan.

“Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, xalqaro fuqaro aviatsiyasi qoidalariga ko‘ra, yo‘lovchilar samolyotga chiqarilib, havo kemasi eshiklari yopilgach, yo‘lovchilar xavfsizligi bo‘yicha barcha qarorlar samolyot ekipaji komandiri tomonidan qabul qilinadi. Ekipaj komandiri yo‘lovchilarni tushirish haqida qaror qabul qilgach, yo‘lovchilar samolyotdan zudlik bilan tushirildi. Qarshi xalqaro aeroporti tomonidan yo‘lovchilar uchun aerovokzalda barcha zarur sharoitlar yaratib berildi”, — deyiladi xabarda.

Samolyot 6 iyun kuni tonggi soat 04:54 da hech qanday nosozliklarsiz belgilangan manzilga jo‘nab ketgan va 329 nafar yo‘lovchi Domodedovo aeroportiga sog‘-salomat eltib qo‘yilgan.