Turkiyada karantin cheklovlari yumshatilishining ikkinchi bosqichi boshlandi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 31 may kuni COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan ba’zi cheklovlar yumshatilishini e’lon qildi. Endilikda komendantlik soati dushanbadan shanbagacha 22:00 dan 5:00 gacha amal qiladi. Yakshanba kunlari butun kun davomida ko‘chaga chiqishga ruxsat berilmaydi. Kafe va restoranlar tashrif buyuruvchilarni soat 7:00 dan 21:00 gacha qabul qilishi, yetkazib berish esa soat 00:00 gacha ishlashi mumkin. Shuningdek, dushanbadan shanbagacha soat 7:00 dan 21:00 gacha sport zallari va ko‘ngilochar bog‘lar ochiq bo‘ladi. Epidemiologik talablar bajarilishi sharti bilan to‘y marosimlari ochiq havoda yoki uyda o‘tkazilishi mumkin.

17 may kuni Turkiyada karantin cheklovlari yumshatilishining birinchi bosqichi boshlangan edi. Ta’kidlanishicha, qat’iy choralar mamlakatda koronavirus tarqalish tezligini sezilarli darajada kamaytirishga yordam berdi. — Anadolu.

Shuningdek:

  • Gruziyada 1 iyundan boshlab Rossiya, Turkiya, Armaniston va Ozarbayjon bilan quruqlikdagi chegaralari sayyohlar uchun ochildi. Chegaralar o‘tgan yilning mart oyidan beri yopiq bo‘lgan. Mamlakatning chegaralaridan o‘tish uchun to‘liq vaksinatsiya sertifikati va PZR testining salbiy natijasi yoki faqat oxirgi 72 soat ichida qilingan PZR testining salbiy natijasi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, barcha tashrif buyuruvchilarga tibbiy sug‘urta qildirish tavsiya etiladi.
  • Isroilda 1 iyundan boshlab koronavirus pandemiyasi sababli joriy qilingan deyarli barcha cheklovlar bekor qilindi, binolarda (yopiq joylarda) niqob taqish va mamlakatga kiruvchilarga karantindan o‘tishi talablari bundan mustasno. Odamlar sonidagi barcha cheklovlar bekor qilingan. Bundan tashqari, isroilliklardan biron bir joyga kirish uchun COVID-19ga qarshi emlanganligi yoki kasallikdan tuzalganligi to‘g‘risidagi hujjat talab etilmaydi. Keyingi haftada Isroil 12 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashni boshlaydi. Ta’kidlanishicha, 20 yosh va undan katta yoshdagi aholining 70 foizdan ortig‘i emlandi.

Finlyandiya bosh vaziri davlat byudjeti hisobidan sotib olingan mahsulotlardan voz kechadi

Finlyandiya bosh vaziri Sanna Marin oziq-ovqat imtiyozlaridan, ya’ni uning oilasi uchun davlat byudjeti hisobidan sotib olingan mahsulotlardan foydalanishdan voz kechadi. Ma’lum qilinishicha, Xelsinki shahridagi Kesyaranta qarorgohida yashovchi Marin va uning oilasi uchun nonushta mahsulotlari uchun byudjetdan oyiga 300 yevro sarflangan. Finlyandiya hukumati idorasi tomonidan olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yil yanvaridan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda bosh vazir oilasi uchun oziq-ovqat mahsulotlarga byudjetdan 14,3 ming yevrodan ortiq mablag‘ ajratilgan, ya’ni oyiga taxminan 850 yevro sarflangan. Hozirda Xelsinki politsiyasi ushbu ish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda. — TASS.


JSST koronavirus shtammlarini yunon alifbosidagi harflar bilan nomlashga qaror qildi

COVID-19 koronavirusi shtammlari yunon alifbosidagi harflar bilan belgilanadi. JSSTning ta’kidlashicha, bu shtammlar birinchi marta aniqlangan mamlakatlarni kamsitmaslik va ilmiy bo‘lmagan suhbatda talaffuz qilish qulayligi uchun qilinmoqda. Yangi tizimga ko‘ra, B.1.1.7 koronavirusining «inglizcha» turi «Alfa», birinchi bo‘lib Janubiy Afrikada topilgan V.1.351 varianti «Beta», Braziliyaning R.1 turi — «Gamma», «hind» turining ikkita kichik varianti V.1.617.2 va V.1.617.1 — «Delta» va «Kappa» deb nomlanadi. «Ular ilmiy nomlarni almashtirmaydi, balki jamoatchilik muhokamasida yordam berish uchun mo‘ljallangan», dedi JSST yetakchi epidemiologi Mariya van Kerkxov.

Yunon alifbosida 24 ta harf mavjud. Epsilon, Zeta, Eta, Teta va Yota kuzatuv olib borilayotgan variantlar uchun tanlandi. — Gazeta.uz


Dunyoda ilk bor parranda grippining H10N3 shtammi bilan kasallanish holati qayd etildi

Parranda grippining H10N3 shtammini xitoylik erkak yuqtirib olgan. Aprel oyining oxirlarida u grippga o‘xshash alomatlar bilan Xitoy sharqidagi Chjenszyan kasalxonasiga yotqizilgan. Bir oy o‘tgach, unga H10N3 tashxisi qo‘yildi. 1 iyun kuni Xitoy sog‘liqni saqlash xizmatlari «ushbu virusning keng tarqalishi xavfi juda ozligini» ta’kidlashdi. Hozir kasalxonaga yotqizilgan erkakning ahvoli barqaror deb baholanmoqda. XXR Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ushbu holat dunyoda ilk bor qayd etilganini ta’kidladi. So‘nggi marta mamlakatda parranda grippi 2016 yil oxiri — 2017 yil boshida qayd etilgan edi. O‘shanda grippning H7N9 shtammi bilan kasallanish holatlari kuzatilgan. — Interfaks.


Braziliya mamlakat chegalarini yopdi

Braziliya hukumati koronavirus pandemiyasi tarqalish xavfi tufayli chet elliklarning, fuqaroligidan qat’i nazar, mamlakatga kirishini noma’lum muddatga taqiqladi. Havo transporti bundan mustasno. Cheklovlar SARS-CoV-2'ning yangi variantlari (Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Hindistonda topilgan turlari) tarqalishining ehtimoliy epidemiologik oqibatlari munosabati bilan kiritilgan. Ikki hafta oldin ushbu mamlakatlarda bo‘lganlarning mamlakatga kirishiga to‘liq taqiq qo‘yilgan, shuningdek, ushbu davlatlar bilan havo qatnovi to‘xtatilgan edi. Braziliyaga kirish uchun chet elliklarga so‘nggi 72 soatda olingan PZR testining salbiy natijasi kerak bo‘ladi. — TASS.

31 may kuni Braziliya poytaxti va bir qator shaharlarida mamlakat prezidenti Jair Bolsonaruga qarshi minglab odamlar ishtirokida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar uni koronavirusga qarshi harakatsizlikda ayblamoqda.


Shuningdek:

  • Yevropa Ittifoqining yettita mamlakati (Bolgariya, Chexiya, Daniya, Germaniya, Gretsiya, Xorvatiya, Polsha) 1 iyundan boshlab emlash sertifikati tizimini ishga tushiradi. Tizim Yevropa Ittifoqida 1 iyuldan boshlab qo‘llaniladi.
  • Yaponiyada Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilarini emlash jarayoni boshlandi.
  • Belarusda ish beruvchilarga ish tashlashga chaqirgan xodimlarni ishdan bo‘shatishga ruxsat berildi.
  • Xitoy Suriyaga iqtisodiyotini tiklashda, aholi turmushini yaxshilashda, shuningdek koronavirus pandemiyasining yangi turiga qarshi kurashishda har tomonlama yordam beradi.