Daniya AQShga Yevropa Ittifoqi rahbarlarini kuzatishda yordam bergan — Yevropa OAV

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (NSA) Daniya ma’lumotlar kabellari yordamida Shvetsiya, Norvegiya, Fransiya va Germaniyadagi yuqori martabali amaldorlarga qarshi josuslik qilgan, deya bir vaqtning o‘zida bir nechta Yevropa OAV xabar berishdi. OAV xabarlariga ko‘ra, buning uchun Kopengagen yaqinida joylashgan markazdan foydalanilgan. Yevropaliklarni kuzatishga oid topilmalar Daniya harbiy razvedka xizmati tomonidan 2012−2014 yillardagi tergov natijalari bo‘lgan. NSA bilan bog‘liq mojaro 2013 yilda, «Der Spiegel» haftaligi Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Edvard Snoudenning bayonotlarini e’lon qilganida boshlangan. O‘shandan beri bu voqea tobora ko‘proq tafsilotlarga to‘ldirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, AQSh razvedkasi ko‘p yillar davomida Yevropadagi minglab odamlarning ortidan kuzatib borgan, Germaniya fuqarolarining telefon muloqotini tinglagan va hattoki kansler Angela Merkelning telefoniga bir necha bor ulangan. — Suddeutsche Zeitung (Germaniya nashri), DR (Daniya teleradiokompaniyasi).

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining munosabati:

«Germaniya hukumati OAV xabarlarini e’tiborga oldi va barcha milliy va xalqaro idoralar bilan aloqada bo‘lgan holda, vaziyatga oydinlik kiritadi», — dedi Germaniya Vazirlar Mahkamasi matbuot kotibi Shteffen Zaybert. Zaybert mamlakat hukumati maxsus xizmatlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilmasligini va ular faqat Bundestagning tegishli organlarida muhokama qilinishini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu haqda Angela Merkelning o‘zi ham OAVdan bilib oldi.

«Bu juda jiddiy. Biz bu faktlarni tekshirib ko‘rishimiz kerak va agar ular haqiqat bo‘lib chiqsa, ularni qoralashimiz kerak», — dedi Fransiya TIVning davlat kotibi Klement Bon.

Shvetsiya va Norvegiya hukumatlari ushbu voqea bo‘yicha Daniyadan tushuntirishni talab qilishdi. Shved parlamentining a’zosi Yens Xolm mamlakatda kuzatuvga bo‘lgan shaxslarning ismlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot talab qildi.


Xitoyda oilalarga uchta farzand ko‘rishga ruxsat berildi

Xitoy hukumati oilalarrga uchta farzand ko‘rishga ruxsat berdi. Ushbu qaror XKP Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi majlisida qabul qilindi. Bunday qaror mamlakatdagi demografik vaziyatni hisobga olgan holda, aholining tez qarishi sababli qabul qilingan.

Xitoy 1979 yildan 2015 yilgacha «bir oila — bir bola» siyosatini olib borgan. Uning salbiy oqibatlaridan biri mehnatga layoqatli aholi sonining qisqarishi bo‘ldi. 2015 yilda mamlakatdagi har qanday oilaga ikki farzand ko‘rishga ruxsat berildi. Shundan so‘ng, XXRda tug‘ilish koeffitsiyentining rekord darajada o‘sishi qayd etilgan edi. 2020 yilda Xitoyda tug‘ilish darajasi 2019 yilga nisbatan 30 foizga kamaygani ma’lum qilindi. — Sinxua.


Afg‘onistonning bir necha ming aholisiga Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tishga ruxsat beriladi

Britaniya hukumati mamlakat armiyasiga ishlagan afg‘on tarjimonlari va ularning oilalari Birlashgan Qirollikka ko‘chib o‘tishlari mumkinligini ma’lum qildi. Ushbu qaror Buyuk Britaniyaga yordam bergan afg‘onistonliklar tolibonlar tomonidan jazolanishi xavfi sababli qabul qilingan. Yangi tizimga ko‘ra deyarli har qanday amaldagi yoki sobiq tarjimon o‘z lavozimi, unvoni yoki ish ishlagan muddatidan qat’i nazar Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Birlashgan Qirollik mudofaa rahbari Ben Uollesning so‘zlariga ko‘ra, taxminan 3 ming afg‘on tarjimoni va ularning oila a’zolari mamlakatga ko‘chib o‘tishlari mumkin.

Hozirda mamlakatda 750 ga yaqin ingliz harbiylari qolgan, ularning aksariyati Kobulda xavfsizlikni ta’minlamoqda. — Sky News.


Belarusning Latviya, Litva va Polsha bilan chegaralarida 2 mingdan ortiq yuk mashinalari to‘xtab qolgan

Belarus Davlat chegara qo‘mitasi (DCHQ) 31 may kuni mamlakatning Latviya, Litva va Polsha nazorat punktlarida 2 mingdan ortiq yuk mashinalari borligini ma’lum qildi. Ular Belarusdan qo‘shni davlatlarga chiqib ketish uchun navbatda turibdilar. DCHQning veb-sahifasiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da, aksariyat yuk mashinalari Litva bilan chekarada to‘xtab qolgan. Shunday qilib, «Kotlovka» nazorat-o‘tkazish punktida 340 ta, «Kamennыy Log«da 430 ta, «Benyakoni»da 340 ta, «Privalka»da 230 dan ortiq og‘ir yuk mashinalari va «Vidzы» nazorat punktida yana 150 ta yuk mashinasi bor. Shuningdek, Belarus-Latviya chegarasida katta navbatlar kuzatilmoqda. «Urbanы» punktida Latviyaga chiqib ketish uchun 280 taga yaqin, «Grigorovina»da — 280 ta yuk mashinasi o‘z navbatini kutmoqda. Polshaga deyarli 400 ta yuk mashinasi chiqib ketishi kerak: «Berestovitsa» punktida — 115 ta, «Kozlovichi»da — 60 ta, «Bruzgi»da — 210 ta. — Belarus Davlat chegara qo‘mitasi.

Ta’kidlanishicha, bunday vaziyat 30 may kuni ham kuzatilgan.


Braziliyada prezidentga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi

Braziliya poytaxti va bir qator shaharlarida mamlakat prezidenti Jair Bolsonaruga qarshi minglab odamlar ishtirokida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar unga impichment e’lon qilinishini talab qilishdi. Miting qatnashchilari uni koronavirusga qarshi harakatsizlikda ayblamoqda, shuningdek, ular moddiy yordam va emlashni tezlashtirish zarurligiga e’tibor qaratdilar. Namoyishlar Bolsonaruga qarshi parlamentning tekshiruvi fonida bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, tergov prezidentning COVID-19ga qarshi samarasiz kurashish bilan bog‘liq. Braziliya rahbarining fikriga ko‘ra, karanantin cheklovlarning joriy etilishi iqtisodiyotga pandemiya oqibatlaridan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazadi. — BBC News.


Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri va parlamentning sobiq raisi korrupsiyada gumon qilinib hibsga olindi

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Omurbek Babanov korrupsiyada gumon qilinib hibsga olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Babanovga qarshi ish bo‘yicha tergov Qumtor oltin konini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirishning turli bosqichlaridagi korrupsiya faktlari bo‘yicha olib borilgan.

Qirg‘iziston parlamenti sobiq raisi va sobiq prezident Sooronbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekov am korrupsiyada gumon qilinib hibsga olindi.

17 may kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi respublikadagi «Kumtor gold kompani» kompaniyasining vakillariga qarshi 4 ta jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Qo‘mita rahbari Kamchibek Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tergov bo‘yicha, shuningdek, zararli moddalar bilan ishlash, yer va atmosfera havosini ifloslantirish, muzliklarni yo‘q qilish, hamda soliq va sug‘urta qonunchiligi bilan bog‘liq qoidalarni buzish holatlari o‘rganilmoqda.


Shuningdek:

  • Kipr Respublikasining hukmron markaziy o‘ng «Demokratik yig‘ilish» partiyasi 30 may kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘olib bo‘ldi.
  • Kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillarini o‘z ichiga olgan Kolumbiya Milliy ish tashlash qo‘mitasi 2 iyun kuni yangi umummilliy namoyishlar o‘tkazilishini e’lon qildi. Bundan avval bunday tadbir 12 may kuni o‘tkazilgan edi. Mamlakatda soliq islohotlariga qarshi namoyishlar 28 apreldan beri bo‘lib o‘tmoqda.
  • Tunis hukumati 1 iyundan boshlab emlangan sayyohlar uchun salbiy PZR testi to‘g‘risidagi sertifikat talabini bekor qildi.
  • Armaniston tashqi ishlar vaziri Ara Ayvazyan rasmiylarning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, iste’foga chiqishini e’lon qildi.
  • Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Kerri Saymondsga Londonda yashirincha uylandi. Ular bir-biriga unashtirilishi haqida 2020 yilning fevralida e’lon qilishgan edi.
  • 30 may kuni Nigeriyaning Tegina shahridagi maktabga jangarilar hujum qildi. 200 nafar maktab o‘quvchilari o‘g‘irlab ketildi, ikki kishi jarohatlandi.