Germaniya Namibiyaning tub aholisi genotsidini rasman tan oldi

Germaniya bir asrdan ko‘proq vaqt oldin Afrikaning janubi-g‘arbidagi mamlakat imperiyasining mustamlakachilik davrida Namibiyaning tub aholisi bo‘lgan gerero va nama xalqlariga qarshi sodir etilgan jinoyatlarni rasman tan oldi. «Biz bugungi Namibiyada mustamlakachilik davrida sodir bo‘lgan voqealarni, birinchi navbatda 1904 yildan 1908 yilgacha bo‘lgan vahshiyliklarni o‘z nomlari bilan atashimiz kerak. Endi biz ushbu voqealarni rasmiy ravishda bugungi nuqtai nazardan genotsid deb ataymiz», — dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas. Germaniya Namibiya uchun qishloq joylarda infratuzilmani, suv ta’minoti tizimlarini, kasb-hunar ta’limi tizimini yaxshilash uchun 1,1 mlrd yevrolik maxsus dasturni ishga tushiradi.

1904 yilda boshlangan qo‘zg‘olonni bostirish uchun nemis qo‘shinlari kamida 65 ming gereroni, jumladan deyarli barcha erkaklarni, aksariyat ayollar va bolalarni o‘ldirgan edi. Germaniya 2004 yilda mustamlakachilik o‘tmishi uchun «kechirim so‘ragan edi». — TASS.

27 may kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ilk bor Ruandadagi genotsid uchun mamlakat javobgarligini tan oldi. Makron, shuningdek, Ruanda aholisidan kechirim so‘radi. 1994 yilda Ruandada noma’lum shaxslar yo‘lovchi samolyotini urib tushirishgan, uning bortida mamlakat prezidenti Jyuvenal Xabiarimana va qo‘shni Burundi rahbari Sipriyen Ntaryamira ham bor edi. Prezidentlarning o‘limi hokimiyatni egallash, shuningdek, tutsilarning kichik etnik guruhiga va mo‘’tadil xutu siyosatchilariga qarshi genotsidni boshlash uchun bahona sifatida ishlatilgan edi. 1994 yil aprel-iyun oylarida 800 mingga yaqin odam o‘ldirildi. — RIA Novosti.

Avvalroq 24 aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Usmonli imperiyasida armanlarning ommaviy qirg‘in qilinganini rasman tan olgan edi.


Butun Belarus xalq yig‘ilishi prezidentga impichment e’lon qilish huquqiga ega bo‘ladi

Butun Belarus xalq yig‘ilishi prezident xiyonat qilgan taqdirda unga impichment e’lon qilishi mumkin, dedi mamlakat Konstitutsiyaviy sudi raisi Pyotr Miklashevich. «Impichment e’lon qilish bo‘yicha parlament vakolatlarini Butun Belarus xalq yig‘ilishiga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Prezident yuqori lavozimdagi komissiya munosabati bilan xiyonat qilgani yoki boshqa og‘ir jinoyat sodir etgani uchun o‘z lavozimidan chetlashtirilishi mumkin», — dedi Miklashevich. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishga prezident saylovlarining qonuniyligi masalasini ko‘rib chiqish huquqi berilishi kerak. — BelTA.

Butun Belarus xalq yig‘ilishi Vakillar palatasi deputatlari va Respublika Kengashi a’zolari, shuningdek, mamlakatning barcha hududlaridan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari vakillaridan iborat. Butun Belarus xalq yig‘ilishi a’zolari soni 2,5 ming kishini tashkil qiladi.

Shuningdek: Belarus Ukrainadan bir qator import qilanadigan tovarlarga olti oy davomida individual litsenziyalash tartibini joriy etdi. Yangi rejimga quyidagi tovarlar kiritildi: qandolat mahsulotlari, shokolad, sharbatlar, pivo, DSP va DVP, gulqog‘oz (oboi), tualet qog‘ozi va qadoqlash buyumlari, g‘isht, keramik plitkalar, shisha ampulalar, ekish uchun qishloq xo‘jaligi texnikasi, kir yuvish mashinalari va mebel.


34 mingdan ziyod gonkonglik Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tishga murojaat qildi

Londonning yanvar oyi oxirida yangi immigratsiya dasturini ishga tushirganidan buyon dastlabki ikki oy ichida 34,3 mingga yaqin Gonkong aholisi Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tishga murojaat qildi. Fevral-mart oylarida ushbu maxsus vizalarning 7,2 mingtasi tasdiqlandi. Ularning egalari Buyuk Britaniyada besh yilgacha qolishlari, u yerda ish topishlari yoki o‘qishlari, so‘ngra Buyuk Britaniya fuqaroligini olish uchun ariza berishlari mumkin bo‘ladi.

Buyuk Britaniyada 31 yanvardan boshlab Gonkong aholisi uchun Britaniya chet el hududlari (BNO, British National Overseas) pasportlari egalari orasida maxsus immigratsiya kanali ochilgan. Ushbu qarorga Xitoyning Gonkongda milliy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi sabab bo‘ldi. Buyuk Britaniyaning fikriga ko‘ra, ushbu huquqiy akt Gonkong aholisining huquqlari va erkinliklariga tahdid solmoqda, ushbu hududning avtonom maqomini va 1997 yilda uni o‘tkazish shartlari to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qoidalarini buzmoqda. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gonkongda Britaniya fuqarosi maxsus maqomiga ega bo‘lgan deyarli 3 mln kishi yashaydi. Ushbu shaxslar Gonkongning Xitoyga o‘tkazilishidan oldin tug‘ilgan va 1997 yil 30 iyunga qadar boshqa davlatlarning fuqaroligiga ega bo‘lmaganlardir. Joriy yilning 29 yanvarida XXR va Gonkong hukumati Britaniyaning Gonkong aholisining chet eldagi pasportlarini tan olmasliklarini e’lon qilishdi. — TASS.


Moldova prezidenti IIV rahbarini uning oila a’zolari ortidan kuzatuv olib borayotganlikda aybladi

Moldova prezidenti Mayya Sandu respublika Ichki ishlar vazirligi boshlig‘i Pavel Voykuni o‘z oila a’zolari ortidan noqonuniy kuzatuv olib borayotganlikda aybladi. «Vazir mening orqamdan kuzata olmaydi, chunki mening soqchilarim bor. Va u mening oilam ortidan kuzatuv olib borishni buyurgan. Bu bosim o‘tkazish maqsadida amalga oshirilmoqda. Mening ma’lumotlarimga ko‘ra, kuzatuv kamida bir necha haftadan beri davom etmoqda», — dedi Sandu. «Bu sotsialistlar partiyasiga kirmaydigan siyosatchilarga nisbatan sodir bo‘layapti, bu sotsialistlar ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilayotgani aniq», — deya qo‘shimcha qildi u. Shuningdek, mamlakat prezidenti vazir ustidan shikoyat yozmasligini aytdi. Mayya Sandu «huquqni muhofaza qilish idoralarini poraho‘rlardan to‘liq tozalash»ni amalga oshirish tarafdori ekanligini ta’kidladi. — TASS.


Rossiya Yevropadan Belarus hududini aylanib o‘tib Moskvaga kelayotgan samolyotlarni qabul qilmadi

26, 27 va 28 may kunlari Air France va Austrian Airlines aviakompaniyalarining Moskvaga reyslari bekor qilindi. Aviakompaniyalar parvozni Belarus hududini aylanib o‘tib amalga oshirmoqchi bo‘lgani uchun Rossiya aviatsiya idoralari Moskvaga qo‘nish uchun ruxsat bermadi. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Moskvaning hamjamiyat mamlakatlaridan samolyotlarni qabul qilishdan bosh tortganidan xavotirda. Shuningdek, u bundan keyin ushbu vaziyat tufayli Moskva va Bryussel o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishini istisno qilmadi. — Interfaks.


Isroil BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Falastinga oid qarorini rad etdi

Isroil TIV BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan qabul qilingan «Falastin hududlarida inson huquqlari buzilishini tergov qilish bo‘yicha komissiya tuzish» to‘g‘risidagi qarorni rad etdi. Isroil TIV bunday tergov bilan hamkorlik qilmasligini va qila olmasligini ta’kidladi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bu qarorni «uyatli» va «xalqaro huquqni masxara qilish» deb atadi.

G‘azo sektorini nazorat qilayotgan XAMAS tashkiloti BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni mamnuniyat bilan qabul qildi.

27 may kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ko‘pchilik ovozi bilan G‘azo sektori va Isroilda, shuningdek Sharqiy Quddus va Falastin hududlarida inson huquqlari buzilishini tekshirish uchun komissiya tuzish bo‘yicha qaror qabul qildi.


Shuningdek:

  • Suriyadagi prezident saylovlarida amaldagi davlat rahbari Bashar Asad 95,1% natija bilan g‘alaba qozondi. U 20 yildan ortiq vaqt davomida mamlakatni boshqarib kelmoqda.
  • Litva Belarusning ikki diplomatini mamlakatdan chiqarib yubormoqda.
  • Ukraina Belarusda ro‘yxatdan o‘tgan samolyotlar uchun havo maydonini yopadi.