Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida fuqarolarga Qozog‘istondagi institutlardan birida o‘qiyotganligi haqida hujjat tayyorlab bermoqchi bo‘lgan fuqaro va uning sherigi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro B.T. tanishlari orqali fuqaro Sh. ning ukasi va jiyaniga Qozog‘iston Respublikasidagi institutlarning birida 2020 yilning sentyabr oyidan o‘qiyotganligi to‘g‘risida hujjatlarni tayyorlab bera olishini ma’lum qiladi. U buning evaziga 4200 AQSH dollarni olganida qo‘lga tushgan.

Uning ko‘rsatuvlariga asosan tezkor tadbir davom ettirilganda, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi M. fuqaro B.T.dan 3000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prokuraturaga yuborilgan.