Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu hafta Janubiy Koreyadagi xalqaro sammitda nutq so‘zlaydi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ushbu hafta davomida davlat rahbarining ish rejasidan olis va chekka hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha taqdimot, «O‘zagrohimoya» AJ tizimini isloh qilishga doir yig‘ilish o‘tkazishi o‘rin olgan.

Shuningdek, hududlarda ipoteka dasturlarini amalga oshirish, ko‘p kvartirali uy-joylar massivlarini barpo etish, ularni infratuzilma bilan ta’minlash hamda xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hafta oxirida barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish dasturi ijrosini samarali ta’minlash yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lishi kutilmoqda.

Prezident 30 may kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tadigan 2030 yilga qadar «yashil» taraqqiyot va global maqsadlar uchun sheriklik Ikkinchi xalqaro sammitida nutq so‘zlaydi.