Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Besh tashabbus harakati doirasida yoshlar forumidagi ochiq muloqotda «so‘nggi vaqtlarda ba’zi san’atkorlarning din sabab sohani tark etib, san’atni harom deb atayotgani» haqida munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda «Xalq so‘zi».

Vazirning ta’kidlashicha, xalq oldida din to‘g‘risida gapirish uchun kamida 25 yillik bilim olgan bo‘lish kerak.

«Dinni yaxshi bilmasdan turib, dinni yaxshi tushunmasdan turib, jamoat oldiga chiqib, xalq oldiga chiqib, minbardan turib dindan gapirish uchun, kechirasizu, mening nazarimda, kamida 25 yillik bilim olgan bo‘lish kerak. 25 yillik, kamida, eng kamida… Yetarli darajada bilim olib, undan keyin din nomidan gapirish menimcha sal yarashadi», — dedi u.

Ozodbek Nazarbekov inson o‘zi e’tiqod qilgan tushunchasini hammaga qabul qildirishga urinishi noto‘g‘ri ekanligini ta’kidladi.

«O‘zi kuni kecha umuman boshqa hayot tarzini boshidan kechirib turgan odam bir kunda minbarga chiqib dindan gapirishi g‘alatiroq menimcha. Lekin, albatta, har bir insonni e’tiqodiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘zi e’tiqod qilayotgan tushunchani hammaga qabul qildirishga urinish ham sal noto‘g‘riroq narsa», — deb aytdi vazir.

Uning fikriga ko‘ra, «musiqa va san’atni harom deb atash — dinni yaxshi tushunmaslik, hovliqmalikdan».

«Musiqa yoki san’at dinimizda harom bo‘lganida bugungacha yetib kelmas edi. Amir Temurni o‘zi qirib yuborardi. Bizda diniy bilim ufurgan bir davrda san’at qolmagan bo‘lardi. O‘zbekistonni san’ati yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lardi. Musiqa san’ati mutlaq bugun bizgacha kelmas edi. Chunki biz yaxshi bilamiz dinni, dindan dunyoga o‘rgatgan davrimiz bo‘lgan, nafaqat bu, boshqa yo‘nalishlarda ham. Dindan kerak bo‘lsa arablarga o‘rgatgan davrimiz bo‘lgan. Nahot o‘sha paytlarda yashagan san’at, musiqa bugun haromga chiqib qolsa, 4ta odamni deb. Bu o‘sha qaysidir ma’noda dinni yaxshi tushunmaslik, hovliqmalikdan», — dedi Ozodbek Nazarbekov.

«E’tiqod, iymonda inson bir gavhar topgandek o‘zini tutolmay qoladi. Shu paytda sal ustozlar bilan maslahatlashib ish ko‘rgan to‘g‘ri bo‘ladi menimcha», — deya qo‘shimcha qildi vazir.