Litva Belarus havo hududi orqali havo qatnovlarni taqiqladi

Litva hukumati respublikaga uchib kelayotgan va undan uchib ketayotgan samolyotlarga Belarus ustidan parvozni amalga oshirishni taqiqladi. Taqiq 25 maydan kuchga kiradi. Vazirlar Mahkamasi bu qarorni 24 may kuni Belarusning Afinadan Vilnyusga uchayotgan yo‘lovchi samolyotini Minskka qo‘nishga majbur qilganidan so‘ng qabul qildi. Shu bilan birga, Litva Belarusning Interpolga a’zoligini to‘xtatishni taklif qildi. Mamlakat hukumatining fikriga ko‘ra, Belarus siyosiy muxolifat vakillarini ta’qib qilishda xalqaro huquqiy vositalarini qo‘llamoqda. Shuningdek, Vilnyus Yevropa Ittifoqi tomonidan Belarus havo hududi tijorat parvozlari uchun xavfli deb tan olinishiga harakat qilmoqchi.

Boshqa xabarlaga ko‘ra, Vengriyaning Wizz Air va Latviyaning Air Baltic aviakompaniyalarining 24 may kuni parvozlarni Belarus havo hududini chetlab o‘tib amalga oshirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kroo Yevropa Ittifoqini Belarusga qarshi sanksiyalarni qo‘llash orqali mamlakatning «Belavia» aviakompaniyasi samolyotlarini hamjamiyat mamlakatlari aeroportlariga qo‘nishini taqiqlashga chaqirdi. Latviyada ham bunday taklif bilan murojaat qilindi. Buyuk Britaniya rasmiylari aviakompaniyalardan Belarus ustidan uchib o‘tmaslikka chaqirishdi.

Belarusning o‘zida Ryanair aviakompaniyasi bilan sodir bo‘lgan voqeani tergov qilish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.


Germaniya pandemiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro shartnoma tuzishni taklif qildi

Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yens Span kelgusida pandemiyalarning oldini olish maqsadida xalqaro shartnomani ishlab chiqishga chaqirdi. U o‘z taklifini 74-Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasida e’lon qildi. Ushbu shartnomaning vazifasi dunyo bo‘ylab infeksiyalar tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash bo‘ladi. Shu bilan birga, Germaniya vakili davlatlarni JSSTga badallarini oshirishga chaqirdi. «Xususiy fondlarning ba’zida dunyodagi eng yirik davlatlarga qaraganda ko‘proq pul ajratishi to‘g‘ri emas. Hozir JSSTni isloh qilish vaqti keldi», — deya ta’kidladi u.

24 may kuni Jenevada 74-Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi ochiladi. U yerda koronavirus pandemiyasi bilan kurashish va yangi favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari muhokama qilinadi. — TASS.

Bundan avval Buyuk Britaniya yangi pandemiyalarga qarshi samarali kurash olib boradigan xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etilayotganini e’lon qilgan edi.


Hindistonda 9 mingta xavfli zamburug‘ turi bilan kasallanish holati qayd etildi

Hindistonda mukormikozning (zamburug‘ning bir turi) 8800 dan ortiq holatlari qayd etilgan. VVSning yozishicha, bu juda kam uchraydigan kasallik, ammo koronavirus pandemiyasi fonida uning holatlari tez-tez uchrab turmoqda. Mukormikozdan o‘lish ehtimoli 50 foizgacha yetadi. Ta’kidlanishicha, davolash paytida ba’zi bemorlarning ko‘zlari olib tashlanadi. Ushbu kasallikni yuqtirish holatlarining yarmidan ko‘pi Gujarat va Maharashtra shtatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatning 29 ta shtatida epidemiya e’lon qilinishni mumkin. Shifokorlar kasallikning tarqalishi COVID-19ni davolashda steroidlardan foydalanish bilan bog‘liq deb hisoblashmoqda. Hind shifokorlarining ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik odam koronavirusdan tuzalgandan 12−18 kun o‘tgach aniqlanmoqda. Mumbayda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, mukomikoz bilan kasallangan barcha bemorlar diabetga chalingan va yuqtirganlarning birortasida qonda shakar darajasi normal bo‘lmagan. — VVS.


Belarusda Telegram’dagi 50 dan ortiq kanal va chatlar ekstremistik deb topildi

Hozirga qadar Belarus sudlari Telegram messenjeridagi 50 dan ortiq kanal va chatlarni ekstremistik deb topdi. «24 may holatiga ko‘ra, sud qarori bilan 30 ta Telegram kanali va 22 ta Telegramdagi chat ekstremistik deb topildi», deyiladi vazirlik xabarida. Mamlakatda ushbu manbalardan ma’lumotlarni tarqatayotganlar (repost, qayta joylashtirish) ma’muriy javobgarlikka tortiladi. — TASS.


Eynshteynning maktubi 1,2 mln dollarga sotildi

Foto: RR Auction

Albert Eynshteynning eng taniqli E=mc² formulasi yozilgan xati AQSHda kim oshdi savdosida sotildi. Xabarga ko‘ra, xat 1,2 mln dollarga sotilgan, bu kutilgan narxdan uch baravar ko‘pdir.

Maktub 1946 yil 26 oktyabrda bitta varaqqaga yozilgan bo‘lib, o‘sha paytda Eynshteynning ba’zi nazariyalariga qarshi chiqayotgan Lyudvik Zilbershteynga yo‘naltirilgan edi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, dunyoda faqat Eynshteynning ushbu formulasi yozilgan 3 ta qo‘lyozma mavjud. E=mc² formulasi ilk bor 1905 yilda fizikning ilmiy ishida paydo bo‘lgan. Hozirda formula zamonaviy fizikada fundamental tushunchalardan biri deb hisoblanadi. — VVS.


Shuningdek:

  • Italiyananing Pemonte shahrida kanat yo‘lida odamlarni olib ketayogan kabina arqondan uzilib, quladi. 14 kishi halok bo‘ldi, ular orasida 9 yoshli bola ham bor.