Adliya maslahatchisi Qurbonali Asqarov o‘z xohishiga ko‘ra bergan arizasiga asosan Andijon shahri prokurori lavozimidan ozod etildi. Uni ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqni bosh prokuror 21 may kuni imzoladi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, Qurbonali Asqarovning lavozimidan ozod etilishi 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ro‘y bergan holatlar bilan bog‘liq emas.

Avvalroq xabar berganimizdek, kengash shu kuni noqonuniy ravishda yer uchastkalari ajratish va shahar hokimining qarorlariga qarshi chiqib kelayotgan deputat Shuhratbek Karimovni prokuror taqdimnosiga binoan daxlsizlik huquqidan mahrum etdi. Qolaversa, mazkur sessiyada deputatlar Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tintuv qilingan va ularning telefonlari olib qo‘yilgan.

Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilinishiga sabab etib u ta’sischi hisoblangan kompaniyaga qarshi jinoiy ish ochilgani keltirilgan. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va jamoatchilik deputatni qo‘llab-quvvatladilar. Senat komissiyasi esa vaziyatni o‘rganmoqda.