Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 may kuni «Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Mazkur hujjat jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda ular o‘rtasida sport bilan shug‘ullanuvchilar qamrovini yanada oshirishga yo‘naltirilgan.

Barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bo‘limlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda iqtidorga ega bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yo‘naltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishini ta’minlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimni joriy etish rejalashtirilgan.

Paralimpiya sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirish, jismoniy va ijtimoiy moslashuvi integratsiyasini dasturiy-uslubiy ta’minlash, kasbiy reabilitatsiya va kadrlar tayyorlash kuchaytiriladi.

Qaror bilan O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etiladi.

Qo‘mita oldida paralimpiya sport turlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish vazifalari turadi.

Viloyatlarda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Paralimpiya fakulteti tashkil qilinadi. U Paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar va uslubchi-yo‘riqchilar, ko‘zi ojizlar, kar va zaif eshituvchilar, amputantlar bilan ishlovchi mutaxassislar (surdo, tiflo-surdo va xalqaro-surdo tarjimonlari) hamda boshqa kadrlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg‘ona filiallarida, shuningdek, boshqa tegishli oliy ta’lim muassasalarida «Paralimpiya» kafedrasi, shuningdek, «Adaptiv sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport» magistratura mutaxassisligi ochiladi.

Paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarining sport ob’ektlari, inshootlari va jihozlaridan foydalangan holda ular bazasida Paralimpiya qo‘mitasi huzurida Paralimpiya sport markazlari yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror bilan 1 sentyabrdan boshlab «Sport hamma uchun» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tashabbusi ma’qullandi. Loyihasi doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parasport turlari bilan keng qamrab olish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatga integratsiya qilish maqsadida bir yilda bir marta Parasport xalqaro festivali o‘tkaziladi.

3 dekabr kuni — Xalqaro nogironlar kuniga bag‘ishlab ko‘zi ojizlar, zaif eshituvchilar va amputantlar o‘rtasida parasport turlari turkumiga kiritilgan parastol tennisi, 5×5 futbol, golbol, parayengil atletika, parapauerlifting, parabadminton, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha Toshkent shahrida respublika parasport festivali, shuningdek, boshqa hududlarda parasport festivallari o‘tkaziladi;

1 iyundan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalarida nazarda tutilgan barcha sport musobaqalarini tashkil qilishda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida ham tegishli musobaqalarni o‘tkazish choralarini ko‘riladi.

2021 yil yakuniga qadar barcha mavjud davlat sport ob’ektlari va inshootlarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlashi belgilandi.

Bundan buyon Paralimpiya qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari talabnomalariga ko‘ra jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport ob’ektlari va inshootlaridan foydalanish bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlashi kerak. Ushbu sharoitlarsiz bo‘lgan ob’ektlarni moliyalashtirish rad etiladi va ular davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.