Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘i bilan Alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to‘g‘risidagi йўриқномага o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar bermoqda Norma.

Hujjat «Aholi bandligi to‘g‘risida"gi O‘RQ-642-son Qonunga muvofiq qabul qilingan.

Yo‘riqnoma quyidagi sabablarga ko‘ra ishdan ozod etilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibini belgilaydi: texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi.

Mazkur shaxslarga ular rasman ishsiz deb e’tirof etilgan va zarur mehnat stajiga ega bo‘lgan taqdirda muddatidan oldin (qonun hujjatlarida belgilangan umumiy asoslarga ko‘ra pensiya tayinlash muddatidan ikki yil oldin) pensiyaga chiqish huquqi taqdim etiladi:

  • erkaklar — 58 yoshda bo‘lib, mehnat staji 25 yildan kam bo‘lmagan taqdirda;
  • ayollar — 53 yoshda bo‘lib, mehnat staji 20 yildan kam bo‘lmagan taqdirda.

Birinchidan, «Aholi bandligi to‘g‘risida"gi Qonunning yangi tahriri qabul qilinishi munosabati bilan ularga muvofiq Yo‘riqnoma qabul qilingan NHHlar aniqlashtirildi — «Aholi bandligi to‘g‘risida"gi Qonunning 49-moddasining 8-qismi, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunning 14-moddasi, MKning 100-moddasi 2- qismining 1-bandi.

Ikkinchidan, belgilanishicha, ishdan ozod etilgan shaxslar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan so‘ng 30 kalendar kun ichida hududiy aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilsalar, markaz xodimlari 3 oylik davr ichida (avval — agar ishdan ozod etilganlar 10 kun ichida murojaat qilsalar) maqbul keladigan ishni topishda yordam berishlari kerak.

Agarda ozod etilgan shaxslar 30 kalendar kundan keyin murojaat qilsalar, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari 10 kun muddat ichida maqbul keladigan ishni topishda yordam berishlari zarur.

Ushbu hujjat 4.05.2021 yildan kuchga kirdi.

Avvalroq, 1 iyuldan boshlab ishlamaydigan fuqarolar pensiyaga chiqishlari uchun, ularning turmush o‘rtoqlari har oyda o‘z daromadidan ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkinligi haqida yozgan edik. 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida, hech qanday qo‘shimcha hujjatlar so‘ralmasdan hisoblanadi.