O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga Qozon shahridagi otishmada maktab o‘quvchilari va kattalar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

«Fojiali voqea — Qozon shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida begunoh bolalar va yoshi kattalar halok bo‘lgani haqidagi xabar meni chuqur qayg‘u va larzaga soldi», — deyiladi maktubda.

«Hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydigan ushbu mudhish zo‘ravonlik harakatini qat’iy qoralaymiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Sizga, qurbon bo‘lganlarning ota-onalari va yaqinlariga samimiy hamdardlik izhor etaman hamda jarohatlanganlar tez fursatda shifo topishlarini tilayman», — deya qayd etdi u.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovga ham ta’ziya bildirdi.

Seshanba kuni 19 yoshli talaba Ilnaz Galyaviyev Qozon shahridagi 175-sonli maktabda qurolli hujum uyushtirgan. To‘qqiz kishi halok bo‘ldi — yetti nafari yosh bolalar va ikki katta yoshdagi kishilar, shuningdek, 21 kishi jarohat olgan. Ikki nafar o‘quvchi juda og‘ir ahvolda. Tataristonda 12 mayni motam kuni deb e’lon qilishdi.

RIA Novosti RF bola huquqlari bo‘yicha komissari Anna Kuznetsova tayanib xabar berishicha, hujum uyushtirgan shaxs kiyinish xonasida portlovchi uskunani ham o‘rnatgan bo‘lgan. Uning portlashi oqibatida esa binoning ayrim devorlariga zarar yetgan. Baxtli tasodifga ko‘ra, u yerda bolalar bo‘lmagan.