O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda bank sohasidagi korrupsiya va muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

«Dunyoda iqtisodiyot bo‘yicha vaziyat juda og‘ir. Hech kimda oson emas. Bizning yakkayu yagona o‘zimizning yo‘limiz bor. Peshona terimiz bilan topgan pullarimizni xalqimizga halol yetkazib, natijaga erishish bo‘yicha hamma imkoniyatlar mavjud», — dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifa — hokimlarning qo‘lidagi masala». Sohada juda katta ishchi joyi, manfaatdorlik va odamlarning rozi bo‘lishi borligi ta’kidlandi.

«Har haftada bir marta bank va soliq idoralari rahbarlari bilan viloyat hokimining o‘zi gaplashadi. Har bir tumanning, kim bo‘lishidan qat’i nazar, bank bilan soliqchisining ko‘ziga qarab baho berishlaringiz kerak. Bizdagi hamma to‘siq — bank bilan soliq. Iqtisodiyotimizga to‘siq, katta to‘siq! Hammangiz xulosa qilishlaringiz kerak. Xalqimiz bizni boqib oladi, oldin xalqimizni sal oyoqqa turg‘izib olaylik», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari korrupsiya ildizi bilan yo‘q qilinmas ekan, islohotlar amalga oshmasligiga urg‘u qaratdi.

«Iqtisod nuqtai nazaridan bankda kapitali bo‘lishi uchun qancha pul berayapmiz? Bank qolarmidi shu vaqtgacha? Bankrot bo‘lardi. Bizda ham chet eldan kelib bankimizni sotib oladiganlar juda ko‘p, men bunga ruxsat bermayapman. O‘zimizning xalqimizga o‘zimiz xizmat qilishni o‘rganaylik, deyapman», — dedi u.

Mart oyi oxirida «Gazeta.uz» Vengriyaning OTP Bank banki O‘zbekistonda «Ipotekabank»ni xususiylashtirishda ishtirok etishi haqida xabar qilgan edi.