To‘lqin Atamurodov Navoiy viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

To‘lqin Atamurodov 2002 yilda Toshkent moliya instituti, 2005 yilda esa Bank-moliya akademiyasini hamda 2015 yilda «Sun Yat-Sen» universitetini (Xitoy) tamomlagan. Mazkur lavozimga qadar «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Shu bilan birga, Navoiy viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Sa’dulla Mirzayev tayinlandi.

Sa’dulla Mirzayev Bank-moliya akademiyasining magistri. Ish faoliyatini Nurota tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi: iqtisodchi, moliyachi. Mazkur tayinlovga qadar Navoiy viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan.