Chexiyada mamlakat prezidentiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

29 aprel kuni bir necha ming kishi Chexiya prezidenti Milosh Zemanga qarshi namoyishlarda qatnashdi. Namoyishchilar markaziy Vatslav maydoniga to‘plandilar. AP’ning ta’kidlashicha, ular tibbiy niqoblarda bo‘lib, ijtimoiy masofani saqlashgan. Miting qatnashchilari Zemanni xiyonatda ayblab, parlamentdan prezidentga tegishli ayblovlar qo‘yilishini talab qilishgan. 25 aprel kuni mamlakat prezidenti 2014 yilda Vrbetitsadagi o‘q-dorilar omboridagi portlashda «Rossiya agentlari»ning ishtiroki to‘g‘risida ma’lumot yo‘qligini aytgan edi. Bu esa xalq orasida noroziliklarni keltirib chiqardi. Ta’kidlanishicha, Chexiyaning boshqa shaharlarida ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi. — Associated Press.

Hozirda tergov Vrbetitsa voqeasi bo‘yicha Milosh Zemanning 2014 yil noyabr oyida Tojikistonga qilingan tashrifini o‘rganmoqda, deya xabar bermoqda TASS Chexiya OAVga tayanib. O‘sha paytda delegatsiya a’zosi sifatida Imex kompaniyasi egasi Pyotr Bernatik ham borgani tergovchilarni qiziqtirgan. Imex Vrbetitsada omborlarni ijaraga olgani va u yerda o‘q-dorilar saqlangani aytilmoqda. Tojikistonda Bernatik 2014 yil 23 va 27 noyabr kunlari Tojikiston chegara xizmati generali Rajabali Rahmonali bilan uchrashgan. Nashrning yozishicha, 2014 yil sentyabr oyida Vrbetitsadagi omborda birinchi portlashdan sal oldin Bernatik Rahmonali tomonidan elektron pochta orqali ikkita inspektorni omborga kiritishga iltimos qilgan. Ular, ta’kidlanishicha, ba’zi «Rossiya maxsus xizmatlarining agentlari» bo‘lishi mumkin edi.


Belarusda to‘qqiz kishi davlat to‘ntarishini tayyorlashda ayblanmoqda

Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi to‘qqiz kishini davlat hokimiyatini tortib olish uchun fitna uyushtirishda ayblamoqda. Xabarga ko‘ra, 4 kishi DXQ tergov izolyatorida saqlanmoqda, qolgan 5 nafariga (ular chet elda) Bosh prokuratura hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan. DXQ AQSH, Litva va Ukrainaga ushbu masala bo‘yicha so‘rov yuborgan va ularning Belarusga ekstraditsiya qilinishini muhokama qilmoqda. — BelTA.

17 aprel kuni Belarusda harbiy qo‘zg‘olonni tashkil etishda hamda prezident Aleksandr Lukashenko va uning oilasiga suiqasd qilishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumon qilingan fuqarolar hibsga olingaligi haqida xabar bergan edik.


AQSHning Rossiyadagi elchixonasi xodimlar sonini 75 foizga qisqartiradi

AQSHning Rossiyadagi elchixonasi chet el fuqarolarini ishga olish taqiqlanganligi sabali konsullik xodimlari sonini 75 foizga qisqartiradi. Xodimlar soni ko‘rsatilmagan. «Rossiya hukumatining xatti-harakatlari konsullik xodimlari sonini 75 foizga qisqartirishga bizni majbur qilganidan afsusdamiz. Biz AQSH fuqarolariga imkon qadar ko‘proq xizmatlarni taklif qilishga harakat qilamiz», deyiladi xabarda. Shuningdek, 12 maydan boshlab AQSHning Moskvadagi elchixonasi konsullik xizmatlari sonini qisqartiradi, faqatgina AQSH fuqarolari uchun favqulodda xizmatlar va juda cheklangan immigratsion vizalar beriladi. — AQSHning Rossiyadagi elchixonasi.

15 aprel kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiya hukumatining «zararli tashqi faoliyati» tufayli yangi sanksiyalarni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.

16 aprel kuni Rossiya TIV javob choralarini e’lon qildi. Mamlakat 10 nafar amerikalik diplomatga Moskvadan ketishga taklif qilgan. Shuningdek, Rossiya va uchinchi davlatlarning fuqarolarini AQSH diplomatik xizmatiga yollash amaliyotini to‘xtatishga qaratilgan tartib joriy etildi.


Xitoyda restoranlardagi yeb-ichilmagan ovqatlar uchun jarima solinadi

Xitoyda oziq-ovqat isrofgarchiligiga qarshi qonun qabul qilindi, deya xabar bermoqda TASS «Sinxua»ga tayanib. Yangi qonunga ko‘ra, umumiy ovqatlanish korxonalari mijozlardan qoldirilgan (yeb-ichilmagan) oziq-ovqat chiqindilarini utilizatsiya qilish uchun qo‘shimcha haq olishlari mumkin. Tegishli to‘lov miqdori muassasa tomonidan aniq ko‘rsatilishi va tashrif buyuruvchilarga e’lon qilinishi kerak bo‘ladi. Restoranlardan, shuningdek, mijozlarga oziq-ovqat xavfsizligi uchun mas’uliyatini eslatib turish talab qilinadi. Qonun qoidalariga mos kelmaydigan muassasalar 10 ming yuanga (taxminan 1,5 ming dollar) jarimaga tortilishi mumkin. Mazkur qonun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan, deb ta’kidlanmoqda. XXR rasmiylarining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda shahar ovqatlanish sohasida har yili 18 mln tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari isrof qilinadi. — TASS.


Portugaliyada piyodalar uchun dunyodagi eng uzun osma ko‘prik ochildi

Foto: EPA/Vostock-photo

29 aprel kuni Portugaliyada piyodalar uchun dunyodagi eng uzun osma ko‘prik ochildi. Ko‘prik Portugaliyaning shimoliy qismidagi Payva daryosidan 175 metr balandlikda joylashgan. Qurilish ishlari taxminan ikki yil davom etdi, ish qiymati 2,3 mln yevroga baholanmoqda. Ko‘prikning uzunligi 516 metrni tashkil etadi. — France24.


AQSHda mentollik tamaki mahsulotlariga taqiq qo‘yilishi mumkin

AQSH oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) mamlakatda mentollik sigaretalarga taqiq qo‘yishga taklif qilishini e’lon qildi. Bu haqda Interfaks CNBC’ga tayanib xabar bermoqda. FDA rahbari Janet Vudkokning so‘zlariga ko‘ra, ushbu harakatlar orqali «chekishni boshlayotgan yoshlar sonini sezilarli darajada kamaytirish mumkin», shuningdek chekuvchilar uchun bu yomon odatdan voz kechish imkoniyatini oshiradi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, mentollik sigaretalarni yoshlar, «rangli jamoalar» va daromadlari past shaxslar chekishadi. FDA’ning ta’kidlashicha, afroamerikaliklarning aksariyati mentolli sigaretalar brendlarini afzal ko‘rishadi. Mamlakatdagi o‘pka saratonining eng yuqori darajasi hozirda qora tanli erkaklar orasida uchraydi, deya qo‘shimcha qildi regulyator. FDA kelgusi yil ichida mentolli sigaretalarni taqiqlovchi standartlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Regulyator shuningdek, tamaki mahsulotlari tarkibidagi barcha aromatizatorlarni taqiqlashni taklif qiladi. — Interfaks.


Falastindagi saylovlar keyinga qoldiriladi

Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Isroil Quddusda saylovlarni o‘tkazishga ruxsat bermaguncha ularni tashkil qilmasligini e’lon qildi. «Biz saylovlarni keyinga qoldirishga qaror qildik, chunki Isroil ularni Quddusda o‘tkazishga kafolat bermadi», — dedi Abbos. Isroil Quddusdagi Falastin saylovlari to‘g‘risida qaror qabul qila olmasligi aytdi. Siyosiy inqiroz tufayli Isroilning hozirgi hukumati faqat dolzarb masalalar bilan shug‘ullanadi va strategik qarorlar qabul qilmaydi, deya keltirdi Abbos Isroil vakillarining so‘zlarini. Falastin hududlarida parlament saylovlari 22 mayda, prezidentlik saylovlari esa 31 iyulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. — Interfaks.


Shuningdek:

  • Isroil shimolidagi Meron tog‘i hududida Lag ba-Omer diniy bayram paytida yuz bergan tiqilinchda kamida 44 kishi halok bo‘ldi va 100 dan ortiq kishi jarohat oldi.
  • Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi otishma butunlay to‘xtatildi.
  • Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 150 mln 133 mingdan oshdi, shulardan hozirgacha 87,2 mln inson COVID-19 dan tuzalgan, vafot etganlar soni esa 3 mln 162 mingdan ko‘proqni tashqil qilmoqda.