Prezidentning 28 apreldagi qarori bilan 2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi ma’qullandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Uning doirasida joriy yilda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • 457 127 ta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish;
  • 513 575 nafar fuqaro bandligiga ko‘maklashish va ish beruvchilarni rag‘batlantirish.

Shuningdek, 281 289 nafar ishsizlarni bo‘sh va zaxira ish o‘rinlariga joylashtirish belgilangan.

Hujjatga muvofiq, shu yili aholi bandligiga ko‘maklashish uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratiladi:

  • subsidiyalar ajratish uchun — 92,3 mlrd so‘m;
  • ishsizlik nafaqalari to‘lab berish uchun — 65,1 mlrd so‘m;
  • kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarini qoplash uchun — 40,6 mlrd so‘m;
  • yangi ish o‘rinlarini tashkil etishuvchi kichik loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklariga ajratiladigan resurslar — 125 mlrd so‘m.

Qarorga ko‘ra, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan ta’minlash byurolari Kunlik mehnat markazlari sifatida qayta tashkil etiladi.

Markaz ish izlovchilarni ro‘yxatga oladi, ular to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini yuritadi hamda ish beruvchilardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash bo‘yicha buyurtmalar oladi.

Markazda vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaxslarga ularning doimiy yashash joyidan qat’i nazar (eksterritoriallik tamoyili bo‘yicha), ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan holda bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda band bo‘lgan fuqarolarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Jumladan, «barcha uchun ish» tamoyili asosida «Mening ishim» buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni ishga tushiriladi.

Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • ishsizlar, ayniqsa, ayollar, yoshlar, talabalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ishlar, masofadan turib bajariladigan ishlar, uyda bajariladigan ishlar, kasanachilik ishlari, frilanserlik faoliyati, ish grafiklari, talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqalarni aks ettirish;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) hamda ularga ehtiyoji bor bo‘lgan ish beruvchilar to‘g‘risida ma’lumotlarni olish;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari)ni reklama qilish;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va ularning xizmatiga ehtiyoji bor ish beruvchilar o‘rtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish.

Vaqtincha bir martalik ishlar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) to‘g‘risidagi e’lonlar «Mening ishim» buyurtmalar birjasi onlayn maydoni orqali bepul taqdim etib boriladi.

1 iyulgacha yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha hisobotlarni yuritish, ularni real vaqt rejimida Davlat soliq qo‘mitasining yagona integratsiyalashgan axborot resurs bazasi bilan monitoring qilishga mo‘ljallangan elektron dastur ishlab chiqiladi.