Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 26 aprel kuni AKIpressga bergan intervyusida Kampir-Obod suv omborining bir qismi O‘zbekistonga berilishiga qarshi mitinglar haqida fikr bildirdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida mart oyida erishilgan kelishuvlar doirasida qator chegara uchastkalari, shu jumladan Ungar-Too tog‘i Qirg‘izistonga o‘tkazilishi kerak edi. Ushbu hududlar evaziga O‘zbekiston Kampir-Obod suv omboridan foydalanish huquqini oldi. Shahrixonsoy kanali joylashgan 50 gektar maydon ham O‘zbekistonga o‘tadi. Buning uchun Qirg‘iziston O‘zgan viloyatining 50 gektar chegara zonasini oldi. «Gazeta.uz» avvalroq bu haqda Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyevga asoslanib yozgan edi. O‘zbekiston tomoni Qirg‘iziston bilan tuzilgan shartnomalar natijalari to‘g‘risida rasmiy ravishda xabar bermadi.

14 aprel kuni Qirg‘izistonning Qorasuv viloyati Savay qishlog‘i aholisi Kampir-Obod suv ombori yaqinidagi 50 gektar maydonning o‘zbek tomoniga berilishiga qarshi muddatsiz aksiyani boshlashdi. Oqsoqollar rasmiylarning xatti-harakatlaridan, yer uchastkalari almashinuvi to‘g‘risida tushunarli ma’lumotlarning yo‘qligidan va mahalliy aholining fikri inobatga olinmaganidan norozi ekanliklarini aytishdi. Aholining fikriga ko‘ra, almashinish Qirg‘iziston manfaatlariga zarar yetkazgan holda amalga oshirilgan.

17−19 aprel kunlari Qorasuv tumanidagi Intimak qishlog‘ida, 21 aprelda Qizil Oktyabr qishlog‘ida yashovchilar shu kabi aksiyani o‘tkazdilar.

Namoyishchilar bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumat komissiyasi rahbari Qamchibek Tashiyev uchrashdi. U yana Toshkentga muzokaralar olib borishga va 50 gektar o‘rniga 20 gektar yerni O‘zbekistonga ajratishga kelishib olishga va’da berdi.

Sadir Japarovning munosabati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «ikki mamlakat o‘rtasida chegara masalalarida har doim tortishuvlar bo‘lib turadi» dedi.

«Buni hal qilish oson emas. Masalan, O‘zbekistonda ham muhokamalar bormoqda — ular ham o‘zlarining yerlari berilgan, deyishadi, ular ham norozi. Shuning uchun, chegaralar masalasi hal etilayotganida, bitta uchastkadan 5 gektar yer beradigan bo‘lsangiz, boshqa joyda, boshqa qishloqda yoki mintaqada 5 gektar yer olishingiz kerak», — deya tushuntirdi u.

Sadir Yaparovning ta’kidlashicha, bundan oldin barcha chegara masalalari «yashirin ravishda hal qilingan».

«O‘zingiz bilasiz, 30 yil davomida ular yashirincha qaror qildilar, imzo qo‘ydilar, ratifikatsiya qildilar, tasdiqladilar va keyin tikanli simni yotqizgandan so‘ng, odamlar bizning yerlarimiz berib yuborilganidan g‘azablana boshlardi. Shunday qilib bizning yerlarimiz berib yuborildi. Va endi biz ushbu yerlarni qanday qilib bo‘lsa ham qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borayapmiz. Va bunday muzokaralarda, agar biz bir tomondan beradigan bo‘lsak, boshqa tomondan olamiz», dedi u.

Prezidentning ta’kidlashicha, endi bu masala aholi birgalikda muzokaralar yo‘li bilan hal qilinadi

«Hozir muzokaralarning boshlanishi. Hech qanday hujjat imzolanmagan. U to‘rt bosqichdan o‘tadi, shundan keyingina imzolanadi. Birinchidan, komissiya protokolni ko‘rib chiqadi, keyin prezidentlarga yetkazadi, ular ko‘rib chiqadi va parlamentga yuboradi, parlament uni tasdiqlaydi va prezidentga qaytarib yuboradi, prezident imzolagandan keyingina kuchga kiradi. Biz muzokaralar olib boryapmiz va buni davom ettiramiz», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish komissiyasiga mahalliy aholini qo‘shish rejalashtirilmoqda.

«Biz avvalgilaridagi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. Avvallari nafaqat mahalliy xalq, balki qirg‘izistonliklar ham bilmagan. Faqat tikanli simni tortilayotganda bilishgan… Ammo biz davlatimiz va xalqimiz zarariga qaror qabul qilmaymiz. Biz bor kuch-g‘ayratimizni davlat va xalq foydasiga yo‘naltiramiz», dedi prezident.

Sadir Japarov yaqin oylarda mamlakatning janubiy hududlarini aylanib o‘tib, xalq bilan uchrashishni rejalashtirmoqda

«Taxminan may oxiri, iyun-iyullarda bo‘sh vaqtim bo‘ladi, o‘shanda janub bo‘ylab safar qilaman, xalq bilan uchrashaman. Mahalliy aholi bilan maslahatlashamiz va keyin qaror qabul qilamiz», — dedi u.