Ijtimoiy tarmoqda «Paxtachida YPX xodimlari fuqaroni urib olib ketishmoqda» sarlavhasi ostida video lavhalar tarqaldi. Unga ko‘ra YPX xodimlari xizmat mashinasida fuqaroni olib ketayotgani aks etgan. Mazkur holat yuzasidan IIV YHXBB izoh berdi.

26 aprel kuni soat 18:30 larda, Samarqand viloyati IIB YHXB YPX xodimlari I.I, F.D va F.X lar Paxtachi tumani, «Mirkan» MFY hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida xizmat ishlarini olib borayotgan vaqtlarida Damas rusumli avtomobil haydovchisi transport vositasini shubxali boshqarishi bilan e’tiborni o‘ziga tortgan. YPX xodimlariga yaqinlashgan vaqtda to‘satdan ortga qaytib olib harakatlangan.

YPX xodimlari xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan Lacetti rusumli avtomobilda haydovchining ortidan kuzatib borishgan.

Xabar berilishicha, haydovchi to‘xtatilib, YPX xodimlari bilan o‘zaro muloqotda haydovchining og‘zidan spirtli ichimlik hidi kelgan. Haydovchini tekshirish maqsadida tibbiy ko‘rikka taklif etilgan. Shundan so‘ng, haydovchi xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan.

Tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra, haydovchining mastlik holati tasdiqlanib, unga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va Damas rusumli avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.