Toshkent shahridagi 524 ta mahallani obodonlashtirish uchun har biriga 2 mlrd so‘mdan, jami 1 trln 48 mln so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov brifingda ma’lum qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Juma kuni davlat rahbari Yashnobod tumanida avval ahvoli og‘ir bo‘lgan Parvoz mahallasiga ham borgan edi. Bugun vaziyat butunlay o‘zgargan. „Obod mahalla“ siyosatini amalga oshirish natijasida bu mahallaning qiyofasi tubdan o‘zgarib, aholining osuda yashashi va dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hamma joy toza, tartibli», — dedi prezident matbuot kotibi.

Uning ma’lum qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga Parvoz mahallasini namuna qilib olib, Toshkent shahridagi barcha mahallani shunday obod qilish bo‘yicha topshiriq bergan.

«Buning uchun har bir mahallaga, hozirgi holatidan kelib chiqib, o‘rtacha 2 milliard so‘mdan mablag‘ ajratish buyicha topshirik berdilar», — deya xabar berdi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari mahallalarga ajratiladigan mablag‘lar doirasida loyiha va smeta-hujjatlarini tasdiqlash zarurligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq, juma kuni prezidentning Toshkentdagi ob’ektlariga tashrifidan tayyorlangan fotoreportajni e’lon qilgan edik.

«Gazeta.uz» yanvar oyi o‘rtalarida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 31-sessiyasida shahar deputatining har biriga 2 mlrd so‘mdan, tuman deputatlariga 100 mln so‘mdan va 524 ta mahalla raislariga 50 mln so‘mdan ajratilishini ta’kidlagandi.

O‘shanda davlat byudjetidan aholi muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etishga deputat va mahalla raislariga jami 179 mlrd 700 mln so‘m ajratilishi ta’kidlangan. Bundan tashqari, aholining murojaatlarini o‘rganishni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida poytaxtdagi sektor rahbarlarining har biriga — 5 mlrd so‘mdan [3 ta sektor — 15 mlrd so‘m] hamda shahar Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘iga — 2 mlrd so‘m berilishi ma’lum bo‘lgan. «Gazeta.uz» mazkur mablag‘larning qanday sarflanishi va uni nazorat qilish mexanizmi haqida yozgan edi.