«Mehr va oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati viloyatlarda faoliyat ko‘rsatuvchi veterinarlarni Toshkentdagi xususiy klinikalarda uysiz mushuk va itlarni strelizatsiya qilishga o‘qitish bo‘yicha loyihani ishga tushirdi.

Uysiz hayvonlar sonini insoniy yo‘l bilan qisqartirish dasturini ularni sterilizatsiya va kastratsiya qilish (bichish) yo‘li bilan amalga oshirish taklif qilinmoqda. Biroq hayvon himoyachilari mamlakatning ko‘plab hududlarida ushbu jarrohlik amaliyotini o‘tkazish salohiyatiga ega veterinarlar yo‘qligi muammosiga duch keldilar.

«Shuning uchun naslchilikka mo‘ljallanmagan hayvonlarni majburiy sterilizatsiya qilish to‘g‘risida hozircha gapira olmaymiz. Bu uzoq davom etadigan jarayon va davlatning yordamisiz uddalay olmaymiz», — deya ta’kidladi jamiyat.

«Mehr va oqibat» jamiyatining ushbu loyihasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Toshkent viloyati veterinariya boshqarmasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Hozirda qo‘mita va OTM bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Boshqarma bilan esa hujjat allaqachon imzolandi.

Loyihaning birinchi bosqichida Toshkent viloyatidan bo‘lgan veterinarlar poytaxtdagi «Doktor Vet», Liga Vet, Doctor & Animals, «Impuls» va «Doktor Aybolit» xususiy veterinariya klinikalarida sterilizatsiya bo‘yicha o‘qishadi.