O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshev 23 aprel kuni Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida davlat nazorati tizimidagi manfaatlar to‘qnashuvi masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Bosh prokurorning ta’kidlashicha, bugungi kunda respublikada 50 dan ortiq nazorat-tekshiruv idoralari mavjud bo‘lib, ularning 10 dan ortig‘i o‘zlari tekshirishi kerak bo‘lgan vazirliklarga bo‘ysunadi.

«Bir vazirlikda ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘ladigan bo‘lsa, bu yerda hech qanday tom ma’nodagi nazorat bo‘lmaydi. Eng asosiysi, nazorat-tekshiruvchi idoralarga mustaqil, xolis faoliyat ko‘rsatish uchun shart-sharoit yaratib berishimiz kerak. Bu borada biz o‘zimizning prokurorlik munosabatimizni Vazirlar Mahkamasiga ham berganmiz. O‘ylaymanki, takliflarimiz inobatga olinib, har bir nazorat-tekshiruv idorasi mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatadigan bo‘lsa, har bir sohada ko‘plab qonunbuzilishlar, nafaqat talon-torojlik, balki sohadagi barcha qonunbuzarlik holatlari ham bartaraf qilingan bo‘lardi», — dedi bosh prokuror.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nazorat-tekshiruv organlari tomonidan o‘tgan yilning o‘zida aniqlangan faqatgina talon-torojlik holatlari bo‘yicha jamlangan qiymat huquqni muhofaza qiluvchi sanoqli organlar tomonidan aniqlangan talon-torojliklar qiymatining uchdan ikkisini tashkil etadi.

Bosh prokuror 6 mingdan ortiq ob’ektni doimiy nazorat qilishi kerak bo‘lgan Energetika vazirligi qoshidagi «O‘zneftgazinspeksiya» korxonasini misol qilib keltirdi.

«U yerda 150 dan ortiq mas’ul inspektorlar bor. Ularga davlat tomonidan to‘liq oylik to‘lanadi. Ular tomonidan ikki yil mobaynida biror marta ham o‘zlarining tashabbuslari bilan mustaqil ravishda tekshirish o‘tkazilmagan. Sohada bir so‘mlik ham zarar aniqlashmagan. Vaholanki huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ikki yil mobaynida 300 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan va ularni to‘liq undirish choralari ko‘rilgan», — dedi bosh prokuror.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev xuddi shu davr mobaynida Transport vazirligi qoshidagi mutasaddi inspeksiya 8000 dan ortiq qonunbuzarliklarni aniqlagani, biroq birorta ham holat huquqiy baho berilishi uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilmaganini ta’kidladi.

«Bir rahbarda ikkita — ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘lganidan keyin bu materiallar [hech qayerga berilmaydi], o‘zining oqibati bo‘yicha, uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilamaydi. Huquqni muhofaza qilish organlariga berilmadimi, demak, bu yashirildi», — dedi u.

Ushbu majlisda Senat rahbari Tanzila Norboyeva byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish darajasi yuqori ekanidan xavotir bildirdi. O‘tgan yili byudjet muassasalarida 301 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘lar talon-toroj qilingan. Poraxo‘r amaldorlar soni qariyb 30 foizga ortgan, 78 ming gektardan ziyod yer noqonuniy ajratilgan.

2020 yilning noyabrida moliya vaziri Timur Ishmetov davlat moliyaviy nazorat tizimida manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini tan olgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, byudjet mablag‘larini sarflashda haqiqatdan ham qonun buzilishlari mavjud, ularning oldini olish uchun esa moliyaviy nazorat organlarining mustaqilligi ta’minlanishi lozim.

«Davlat moliyaviy nazorat organlariga ayrim hududlarda hokimliklar tomonidan bosim yo‘q, deb ayta olmaymiz. Ya’ni u moliya vazirligiga ishlaydimi? Yoki ayrim bosim natijasida boshqalarni himoya qilishga ishlayaptimi? Meni fikrim, kelgusida umuman davlat moliyaviy nazorat xizmatlari faoliyatlarini funksional nuqtai nazardan tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak. Davlat moliyaviy nazorati biror vazirlik ichida emas, yagona, yaxlit kuchli bir tizim bo‘lishi kerakki, biror vazirlik ham, biror hokimiyat ham undan ustun bo‘masligi kerak, ungacha foydasi yo‘q», — deya ta’kidlagan edi Timur Ishmetov.