Yevropa Komissiyasi AstraZeneca’ga qarshi sudga murojaat qiladi

Yevropa komissiyasi koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchi AstraZeneca kompaniyasi ustidan sudga shikoyat qilishini ma’lum qildi. Ushbu qarorga vaksinalarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘ldi. Joriy yilining birinchi choragida, kompaniya Yevropa Ittifoqi bilan shartnomada belgilangan 100 mln doza o‘rniga 30 mln dozani mintaqa mamlakatlariga yetkazib berdi. Tanqislik Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi emlash kampaniyalariga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Kompaniya ikkinchi chorakning oxiriga kelib 70 mln dozani yetkazib berishini taxminan qilgan, lekin shartnoma bo‘yicha AstraZeneca 300 mln dozani yetkazib berishi kerak. Nashr manbalariga ko‘ra, sudga murojaat qilishdan maqsad, kompaniyani vatsinalarning kelishib olingan miqdorini yetkazib berishni majburlashdir. — Politico.

Mart oyining o‘rtalarida Yevropaning bir qator mamlakatlari AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan edi. Bir oy o‘tgach Daniya vaksinadan butunlay voz kechdi. Joriy oyning boshida Yevropa dori vositalari bo‘yicha agentligi koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi va vaksinani qabul qilganlar orasida kuzatilgan tromboz holatlari orasida bog‘liqlik borligi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan edi.


Ilk bor Mars atmosferasidan kislorod ajratib olindi

Foto: Atmosferadan kislorod ajratib oladigan maxsus qurilma / nasa.gov

Perseverance nomli Mars yuzasida harakatlanuvchi qurilma ilk bor sayyora atmosferasidan kislorod ajratib oldi, deb xabar beradi NASA. Sinov paytida qurilma soatiga 6 grammga yaqin kislorod ishlab chiqardi. Ushbu miqdor odam uchun taxminan 10 daqiqalik normal hayotni ta’minlaydi, deya ta’kidladi kosmik agentlik. Umuman olganda, qurilma soatiga 10 grammgacha kislorod ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Qurilmaning funksiyalarini tekshirib olgandan so‘ng, olimlar uni turli xil atmosfera sharoitida sinovdan o‘tkazishni boshlaydilar. Kelajakda Marsda kislorod ishlab chiqarish texnologiyasi astronavtlarga sayyoraning o‘zida raketa yoqilg‘isi ishlab chiqarishga yordam beradi, shuningdek ularga nafas olish uchun mos muhit yaratadi, deya izoh berdi NASA. — NASA.


Biz Yerning boyliklarini o‘ylamay sarf qilmoqdamiz — BMT bosh kotibi

Xalqaro Ona Yer kuni 22 aprelda nishonlanadi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu masala bo‘yicha o‘z murojaatida tabiat bilan urushni to‘xtatish va global isishning oldini olish choralarini kuchaytirishga chaqirdi. «Insoniyat tabiiy boyliklarni shafqatsiz raivshda ekspluatatsiya qilishda davom etmoqda. Biz Yerning boyliklarini behuda sarf qilyapmiz, bu esa yovvoyi tabiat resurslarining kamayishiga olib keladi. Biz havo, quruqlik va dengizlarni axlatxonalar sifatida ko‘rayapmiz», — dedi tashkilot rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi muhim ekotizimlarni halokat yoqasiga olib keldi. «Bunday harakatlar o‘z joniga qasd qilishga o‘xshaydi. Tabiat bilan bo‘lgan urushimizni to‘xtatish va uni davolash kerak», — dedi Guterrish. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizdagi haroratning 1,5 darajadan oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda qat’iy choralarni ko‘rish zarur. Bundan tashqari, BMT bosh kotibi bioxilma-xillikni muhofaza qilishni ta’minlash — flora va faunaning yo‘qolib borayotgan turlarini saqlab qolish, shuningdek barqaror rivojlanish orqali ifloslanishni kamaytirishga chaqirdi. — Gazeta.uz


AQSH prezidenti Usmonli imperiyasida bo‘lgan arman qirg‘inini tan olishni rejalashtirmoqda

AQSH prezidenti Jo Bayden Usmonli imperiyasida armanlarning qirg‘in qilinishini rasman tan olishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal ismi oshkor etilmagan amerikalik rasmiylarga tayanib. Ta’kidlanishicha, Bayden Usmonli turklari tomonidan 1915 yilda boshlangan armanlarning deportatsiyasi, ocharchilik va qirg‘inlarini genotsid deb ataydi. Nashrning yozishicha, bu bayonot 24 aprel kuni har yili xotira kuniga bag‘ishlangan nutq paytida aytiladi. Rasmiylarning qo‘shimcha qilishicha, yakuniy qaror qabul qilinmagan, Bayden hanuzgacha boshqa prezidentlar singari qotillikni genotsid deb atamay, o‘zinining chiqishini ramziy bayonot bilan cheklashga qaror qilishi mumkin. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Haberturk bilan suhbatda Baydenning mumkin bo‘lgan genotsid haqidagi bayonoti ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga zarar yetkazishini aytdi. — The Wall Street Journal.

1915 yilda Usmonli imperiyasida 1,5 mln nafargacha etnik armani o‘ldirilgani, shu bilan birga, arman xalqining genotsidi bo‘lganligini ko‘plab davlatlar tomonidan tan olingan. 1965 yilda Urugvay birinchi bo‘lib buni tan oldi, undan keyin Fransiya, Italiya, Gollandiya, Belgiya, Polsha, Litva, Slovakiya, Shvetsiya, Shveysariya, Gretsiya, Kipr, Livan, Kanada, Venesuela, Argentina, Braziliya, Chili, Vatikan, Boliviya, Chexiya, Avstriya, Lyuksemburg. Arman genotsidi Yevropa parlamenti va Butunjahon cherkovlar kengashi tomonidan ham tan olingan.


YeKPA Navalniyni 7 iyungacha ozod qilishni talab qildi

Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi (YeKPA) Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi. Rezolyutsiyaga ko‘ra, Rossiya rahbariyati Navalniyni joriy yilning 7 iyunigacha ozod qilishi kerak. Qarorni 105 kishi qo‘llab-quvvatladi, 26 kishi qarshi ovoz berdi va 11 kishi betaraf qoldi. YeKPA, shuningdek, Moskvani Navalniy ozod qilinishidan oldin «unga barcha kerakli tibbiy yordamni ko‘rsatishga va uning huquqlarini to‘la himoya qilishga», shu jumladan, o‘zi tanlagan shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazishga chaqirdi.

Rossiyaning YeKPAdagi delegatsiyasi rahbari Pyotr Tolstoyning ta’kidlashicha, Rossiya ushbu rezolyutsiyani bajarmaydi va «rezolyutsiya tavsiya xususiyatiga ega, shuning uchun ular tavsiya qilaverishsin», deya ta’kidladi.

20 aprel kuni Yevropa Kengashining inson huquqlari bo‘yicha komissari Dunya Miyatovich Rossiya hukumatini Navalniyni ozod qilishga va «sog‘lig‘ining jiddiy yomonlashishi munosabati bilan darhol tibbiy xizmatdan to‘liq foydalanish imkoniyatini berishga» chaqirgan edi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 19 aprel kuni «Rossiya Federatsiyasi hududidagi mahkumlar va mahbuslarning sog‘lig‘i holati boshqa davlatlar vakillari uchun qiziqish mavzusi bo‘lmasin va bo‘lmasligi kerak», deb aytdi. Shuningdek, Peskov huquq yoki qonunlarning buzilishi to‘g‘risida shikoyat va shubhalarni Rossiya prokuraturasiga yuborishni tavsiya qildi. — Interfaks.

21 aprel kuni Rossiya bo‘ylab Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun mitinglar bo‘lib o‘tdi.


Nigeriyada bir kun ichida qaroqchilar kamida 45 kishini o‘ldirgan

Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy qismida Zamfara shtatida o‘tgan kun davomida (21 aprel) kamida 45 kishi qaroqchilar tomonidan o‘ldirildi. Qurolli to‘dalar 21 aprel kuni Magami tumanidagi yettita qishloqqa hujum qilib, jami 45 nafar aholini, shu jumladan bolalarni o‘ldirdilar, deb yozmoqda TASS mahalliy OAVga tayanib. Shtat hukumati qaroqchilarga qarshi kurashish uchun hududga maxsus kuchlarni yubordi. Zamfara shtatida 30 mingdan ortiq qaroqchining borligi aytilmoqda. Ularga qarshi 5 mingga yaqin xavfsizlik kuchlari kurash olib bormoqda.

So‘nggi oylarda Nigeriyaning bir necha shimoliy va markaziy qismida tinch aholiga qarshi to‘da hujumlari sezilarli darajada ko‘paymoqda. Eng ko‘p hujumlar Zamfara, Kaduna, Sokoto va Katsina shtatlarida qayd etilgan. Endilikda jinoiy guruhlarning faoliyat zonasi mamlakatning boshqa hududlariga ham tarqala boshladi, deya yozmoqda nashr. Qaroqchilar odamlarni o‘ldiradi, to‘lov uchun garovga oladi, mol o‘g‘irlaydi, aholini qo‘rqitadi, har xil soliqlarni undiradi. Bunday sharoitda rasmiylar qaroqchilarga qarshi kurashish uchun maxsus politsiya va armiya bo‘linmalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. — TASS.


Indoneziyaning suvosti kemasi g‘oyib bo‘ldi

Indoneziyaning KRI Nanggala-402 suvosti kemasi Bali yaqinida g‘oyib bo‘ldi. Kemada 53 nafar ekipaj a’zosi bor. Hozirda qidiruv ishlar ketmoqda. Nanggala suvosti kemasi torpeda mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgan paytida aloqaga chiqmay qo‘ydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ehtimol, kema hozirda Shimoliy Bali suvlarida 700 metr chuqurlikdadir. 21 aprel kuni Bali orolining yaqinida, suvosti kemasi g‘oyib bo‘lgan joyda, neft to‘kilgan izlari topildi. Indoneziya admiralining so‘zlariga ko‘ra, 21 aprel kuni g‘oyib bo‘lgan paytda, kemada 72 soatlik kislorod bo‘lgan, kislorod ta’minoti 24 aprel, shanba kuni butunlay tugaydi. Yo‘qolgan suvosti kemasini qidirishda Rossiya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Turkiya va Avstraliya o‘z yordamlarini taklif qilishdi. Singapur va Malayziya kema yo‘qolgan joyga qutqaruv kemalarini jo‘natishgan. — RBK.