19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jazo qo‘llash vakolatini berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullashmadi.

Parlament qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, deputatlar ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga qo‘shimcha tariqasida berilayotgan vazifalar qator muammolarni, jumladan, bu ularda asosiy ishidan tashqari ish ko‘lami ortishiga, manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsion holatlar ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashgan.

Munozaralarda ishtirok etgan IIV mas’ullari ham belgilanayotgan normalarga qo‘shilmasliklarini bildirib, hozirda profilaktika inspektorlari zimmasiga ko‘plab vazifalar yuklatilayotgani, har qaysi jihatdan yondashilgan taqdirda ham qo‘yilgan vazifani bajarishga amaliy vaqt yetmasligini, profilaktika inspektorlari bu sohada alohida mutaxassis emasliklarini qayd etishdi.

Majlisda qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.