16 aprel kuni Toshkent metropoliteni rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sergeli metro yo‘nalishida yuz bergan texnik muammoga izoh berildi, deya xabar beradi Kun.uz.

8 aprel kuni Toshkent metrosining Sergeli yo‘nalishida texnik muammo tufayli metro harakati to‘xtab qolgan edi. Bunga kontakt relsining kronshteyni ushlab turish qurilmalaradan chiqib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi.

«Toshkent metropoliteni» UK rahbari Oybek Xudoyqulov ushbu hodisa kutilganini aytdi.

«Biz biluvdik shunaqa holat bo‘lishini, shunga tayyorgarlik qildik. Faqat bir oydan keyin boshlanadi deb o‘ylagandik. Chunki havo hali 19−20 gradus bo‘layotgan edi. Tashqarida 30−35 bo‘lsa, o‘shanda qilamiz degan fikr bor edi. Biz bilamiz relslarning uzayishini. Temir yo‘lda ham bor bu narsa. Relslarning kaltayishi va uzayishi hisobga olingan, faqat havo harorati 20 gradus bo‘lganligi uchun sal keyinroq boshlaymiz degandik, o‘sha narsa bo‘lib qoldi», — deya ta’kidladi metropoliten rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, metroda texnik nosozliklarning oldini olish maqsadida ekspertiza guruhi ish olib boradi.

«Barcha yo‘nalishlarimizda ishchi guruh faoliyat olib borgan, shaxsan o‘zim ham a’zoman guruhga. Avvalo, yo‘lovchi sifatida yurib ko‘ramiz, keyinchalik yo‘lovchilarga biror to‘sqinlik qiladigan holat bo‘lmasligi uchun. Biz ham shu yerda ishlaymiz, foydalanamiz, tizimdagi 4 mingdan ortiq xodim shu metroda bo‘lamiz. Ekspertizadan o‘tgandan keyin ham o‘zimiz qarab, tekshirib chiqamiz. Bu masalada yo‘lovchilarga birorta xavf yo‘q», — deydi Oybek Xudoyqulov.

Matbuot anjumanida metro faoliyati bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, 2021 yilning dastlabki 3 oyida yo‘lovchilardan tushgan mablag‘ 31,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Metroda haftaning dushanba-juma kunlarida bir kunda 330 minggacha yo‘lovchi tashiladi. Dam olish kunlari yo‘lovchilar nisbatan kamayadi: 140−150 mingga tushadi. Bir oyda yo‘lovchilardan tushgan mablag‘ 10,5 mlrd so‘m bo‘ladi va shundan 8,5 mlrd so‘m tizimda faoliyat yuritayotgan 4200 nafar xodimga oylik sifatida beriladi. 3 mlrddan ortiqroq mablag‘ elektr energiyasiga sarflanadi.

«Jamoat transporti o‘zini o‘zi qoplamasligi sir emas, shuning uchun har yil yakunida keyingi yil xarajatlari uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan mablag‘ni taxminan hisoblab, Moliya vazirligiga ma’lum qilamiz. Jumladan, 2021 yil xarajatlari uchun bizga 45 mlrd so‘m mablag‘ davlat tomonidan ajratilgan. Tan olishimiz kerak, topayotgan pulimiz o‘zimizning xarajatlarimizga yetmaydi. Buning oldini olish maqsadida yo‘lkira narxlarini ko‘tarish haqida ham taklif kiritganmiz. Lekin davlat rahbari bunga yo‘l qo‘ymasdan qolgani davlat tomonidan subsidiya qilib berilishi haqida topshiriq bergan», — dedi Oybek Xudoyqulov.