O‘zbekistonda Fransiyaning EDF kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk gidroakkumulyatsiya elektrostansiyasi (GAES) quriladi. Bu haqda 14 aprel kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbekgidroenergo» AJ rahbariyati hamda Fransiyaning eng yirik elektr energiya ishlab chiqaruvchi EDF kompaniyasining mas’ul vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan Xo‘jakent GAESning loyihaviy quvvati 200 MVt ga teng.

Ikki tomonlama muzokaralarda EDF kompaniyasining xalqaro bo‘linmalariga mas’ul, katta ijrochi vitse-prezidenti Beatris Buffon, Yevropa mamlakatlari bo‘linmalariga mas’ul, katta ijrochi vitse-prezidenti Mark Jirar, MDH mamlakatlari ofisi rahbari Loran Paganon, MDH mamlakatlari ofisi loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha mas’ul Matyo Filipp hamda Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi loyihasi menedjeri Korin Sandberglar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda ilk bor GAES qurilishi, suv omborlarida suzuvchi quyosh stansiyalarini o‘rnatish, ikki tomondan maxsus ishchi guruhlar tuzishga kelishib olindi. Shuningdek, o‘zaro amaliy hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolashga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, EDF — Fransiyadagi eng yirik davlat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniyasi va dunyodagi eng yirik atom elektr stansiyasi operatori hisoblanadi.