Ozarbayjonning Boku va Agdam shaharlarida Turkiy Kengash doirasidagi axborot va media sohasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

Asadjon Xodjayev mahalliy OAVlarga bergan intervyusida Agdam shahridagi holatga to‘xtaldi. «Bu yerda bitta masjiddan tashqari deyarli hamma narsa vayron qilingan: uylar, infratuzilma. Jahon hamjamiyati bunga e’tibor qaratishi kerak», — dedi u.

Agentlik direktori Turkiy kengash davlatlari Ozarbayjonda olib boriladigan qurilish ishlarida faol ishtirok etishini ta’kidladi.

Shuningdek, u O‘zbekiston ushbu hududlarni va infratuizlmani tiklashda o‘z yordamini taklif qilganini eslatdi.

«Ayni paytda biz mutaxassislar bilan qayta tiklash lozim bo‘lgan ob’ektlar ro‘yxatini belgilab olmoqdamiz va bizning quruvchilarimiz bunda qatnashishga kelishadi. Mening bilishimcha, bitta maktabni qurish to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lib, u ozarbayjon xalqiga O‘zbekistondan tuhfa sifatida taqdim etiladi. Yaqin orada hamkorligimiz natijalarini ko‘ramiz degan umiddaman. Va eng asosiysi Tog‘li Qorabog‘ hududiga tinchlik keldi», — dedi Xodjayev.

Oldinroq prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan edi.