O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) Tartib-intizom qo‘mitasining yig‘ilishida O‘zbekiston Superligasi 5-turi doirasidagi «Navbahor» — «Paxtakor» uchrashuvida yuzaga kelgan tartibsizliklar masalasi ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.

«Navbahor» — «Paxtakor» uchrashuvi vaqtida «Navbahor» futbol klubi ishqibozlari muxlislik madaniyatidan chetga chiqib, stadionga turli buyumlarni uloqtirib, tartibsizliklar keltirib chiqargani hamda jamoa rasmiylari tomonidan stadionda nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilganligi sababli O‘FA intizom kodeksiga muvofiq «Navbahor» futbol klubi navbatdagi ikkita uy uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazadigan bo‘ldi.

«Dalillar va videolarga ko‘ra, uchrashuv davomida har ikki jamoaning ayrim rasmiylari texnik zonani bir necha marotaba tark etib, bosh hakamga qo‘pol tarzda e’tiroz bildirgan hamda uchrashuvning 90-daqiqasida bosh hakam VAR monitoridan foydalanishi vaqtida uning ish faoliyatiga halal bergan. Uchrashuvning so‘ngida „Navbahor“ futbol klubi muxlislari uchrashuv rasmiylarini haqorat qilgan, shuningdek, maydonga turli buyumlar uloqtirishgan va O‘zMTRKga tegishli ko‘chma televizion stansiyaga hujum qilib, unga jiddiy zarar yetkazishgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, «Navbahor» futbol klubi texnik direktori Mustafo Bayramov, darvozabonlar murabbiyi Pavel Sinelnikov stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etgani, jamoa ma’muri Abdurauf G‘ulomov uchrashuv yakunida raqib jamoa futbolchilari maydonni tark etayotgan vaqtda noprofessional tarzda ularni juda qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun ularga nisbatan klub tomonidan ichki intizom chorasini qo‘llash to‘g‘risida «Navbahor» futbol klubiga yozma taqdimnoma kiritilgan.

Uchrashuv vaqtida «Paxtakor» futbol klubi rasmiylari tomonidan texnik zonani bir necha bor tark etib, stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlari sodir etilgani, jamoa rasmiylari va ayrim futbolchilari uchrashuv bosh hakamini bir necha marta noma’qul so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun «Paxtakor» futbol klubiga nisbatan O‘FA intizom kodeksiga muvofiq jarima intizom chorasi qo‘llanildi.