AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda vaksinatsiya jarayonlarining borishi, emlanganlarda kuzatilgan nojo‘ya ta’sirlar va kasallanish holatlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, 6-aprel sanasi holatiga ko‘ra, Respublika bo‘yicha jami 49 200 nafar fuqaro koronavirusga qarshi emlandi. Shundan 29 ming 860 kishi AstraZeneca in’eksiyasini qabul qilgan bo‘lsa, qolgan 19 ming 742 kishi xitoy-o‘zbek (ZF-UZ-VAK2001) vaksinasi bilan emlandi.

“Shu kunga qadar, qayd etilgan nojo‘ya ta’sirlarning soni 71 tani tashkil etdi. Emlanganlar orasida tana haroratining 37,5 darajadan biroz oshishi (45,7%), tanada biroz og‘riqlar (21,2%), emlangan joyda qichishishlar (14,1%), inyeksiya o‘rnida og‘riq sodir bo‘lishi (11,2%), asabiylashish, holsizlanish va qo‘rqish (2,2%) kabi belgilar kuzatilgan. Bir narsani ta’kidlash kerakki, ular orasida birorta ham jiddiy asoratlar kuzatilmagan”, — dedi Otabekov.

Biroq, SES rahbari o‘rinbosari nojo‘ya ta’sirlarning qanchasi qaysi vaksinaga aloqadorligi borasida fikr bildirmadi.

Bundan tashqari, brifingda bolalar orasida kasallanish holatlari statistikasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

“Kuchi kecha qayd etilgan bemorlarga e’tibor qaratsak, umumiy aniqlangan bemorlar 206 nafarni, ularning 54 nafarini (26,2 foiz) 19 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil etgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, biz hali koronavirusga qarshi jiddiy qarshilik ko‘rsatadigan imkoniyatga ega emasmiz. Karantin hali bekor qilingani yo‘q. Vaziyatdan kelib chiqqan holda xar birimiz o‘zimizni, farzandlarimizni ushbu kasallikka chalinishdan asrash maqsadida tegishli profilaktik tadbirlarga amal qilishimiz kerak bo‘ladi”, — deya qayd etdi Nurmat Otabekov.

U shuningdek, O‘zbekistonda 6 aprel holatiga ko‘ra, 47 ming 229 kishi karantin muddatini o‘tayotganini ta’kidladi. Yil boshidan to hozirgi kungacha esa 239 ming 37 nafar fuqaro kuzatuvda bo‘lgan.

6-aprel kuni xorijdan 9796 kishi mamlakat hududiga kirib kelgan. Ularning orasida so‘nggi 72 soat ichida PSR testi natijalariga ega bo‘lmagan 4053 nafar shaxs test tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.

Buning natijasida ularning 12 nafari koronavirusga chalingani aniqlangan. Shundan 7 nafarida kasallik og‘irroq bo‘lgani bois shifoxonaga yotqizilgan, qolgan 5 nafari esa simptomsiz va yengilroq holat bo‘lgani uchun uy sharoitida kuzatuvga olingan.