O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, haykaltarosh Yakov Iosifovich Shapiro 83 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» xalqaro multimedia loyihasi xabar qildi.

U 1937 yilda Ukrainaning Jitomir viloyati Olevsk shahrida tug‘ilgan. Ikkinchi Jahon Urushi vaqtida oilasi bilan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan. Dastlab Marg‘ilonda yashaydi, so‘ngra ota-onasi bilan Toshkentga ko‘chib o‘tadi. 1944 yilda ortga, vataniga qaytadi va san’at o‘rta maktabida tahsil oladi.

Kiyev san’at bilim yurtini tamomlab, Sankt-Peterburgdagi I. Ye. Repin nomidagi Davlat akademik rassomlik, haykaltaroshlik va arxitektura institutiga kiradi. Tahsil olish mobaynida dunyo bo‘ylab safar qiladi. Keyinroq institutdagi tahsilini davom ettirgan holda Toshkentga ko‘chib o‘tadi.

Uning ijod namunalari O‘zbekiston, Rossiya, AQSH, Fransiya, Italiya, Isroil, Yaponiya va boshqa davlatlarda o‘rnatilgan. Toshkentda Yakov Shapiro metroning beshta stansiyasi, jumladan «Mustaqillik maydoni» va «Buyuk ipak yo‘li» stansiyalari uchun pannolar tayyorladi.

Bundan tashqari, haykaltarosh O‘zbekiston poytaxtidagi Maksim Gorkiy, Shota Rustaveli, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Lal Bahadur Shastri, Botir Zokirov, Buxorodagi Xo‘ja Nasriddin Afandi haykallari muallifi hisoblanadi.

Ijodkor qator arxitektura-haykaltaroshlik ansambllari, jumladan, yulduzlar mavzusidagi Ona Zamin, Ikar, Ulug‘bek, Siolkovskiy, Qirolicha, Gagarin hamda kosmonavt, ikki karra Sovet Ittifoqi qahramoni Vladimir Jonibekov byusti kompozitsiyasi ustida ishladi.

Foto: Hook.Report.

«Buyuk ipak yo‘li» stansiyasidagi panno. Foto: Hook.Report.

Yakov Shapironing O‘zbekistondagi ustaxonasidagi haykallari.

Toshkent, 1987 yil. Hakaltarosh Yakov Shapiro «Ertakdagi baxt qushi» kompozitsiyasi ustida ishlamoqda. Foto: Sputnik.1984 yilda Toshkentdagi Kosmonavtlar maydoniga o‘rnatilgan «Kosmos» arxitektura-haykaltaroshlik ansambli. Foto: Pisma o Tashkente.

Xo‘ja Nasriddin Afandi yodgorligi. Foto: Karavan Grupp.

Shastri yodgorligi. Foto: Karavan Grupp.

Shota Rustaveli haykali. Foto: Karavan Grupp.

2003 yilda bunyod etilgan yangi muzey ansamblining birinchi binosi old qismidagi Igor Vitalevich Savitskiy barelefi. Foto: Marinika Babanazarova.

Hamid Olimjon haykali. Foto: shukach.com