Buxoro hamda Jizzax neft mahsulotlarining saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi. Bu haqda «O‘zbekneftegaz» matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qonunchilikka asosan, neft mahsulotlari to‘lovi oldindan 100 foiz o‘tkazilganda yetkazib berilishi belgilangan. Amalda belgilangan me’yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida «Buxoro neft bazasi» MCHJda 33,5 mlrd so‘m, «Jizzax neft bazasi» MCHJda 35,4 mlrd so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan.

Shu bilan birga yoqilg‘i yetkazib berilgan Buxorodagi 32 ta, Jizzaxdagi 239 ta sobiq xo‘jaliklar faoliyati bugungi kunda tugatilgan va qarzdorliklarni undirish masalasi yana bir qator muammolarni tug‘dirishi tabiiy, deyiladi «O‘zbekneftgaz» bayonotida.

O‘rganishlar davomida Buxoro neft bazasi MCHJga qarashli 67 ta fermer yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 3,1 mln litr, Jizzax neft bazasi tasarrufidagi fermer yoqilg‘i quyish shoxobchalarida va PAZSlarda 8 mln litr mahsulot kamomadi aniqlandi.

Bundan tashqari, ushbu neft bazalarida intizomiy jazoga tortilgan xodimlarga mukofot puli va mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga oylik ish haqi to‘langanligi ham aniqlandi.

Misol tariqasida, «Jizzax neft bazasi» MCHJ tomonidan 788 nafar xodimga 806,9 mln so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari noo‘rin hisoblangani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, jamoa shartnomasiga zid tarzda intizomiy jazo qo‘llangan 23 nafar xodimga 7,9 mln so‘m mukofot puli to‘lab berilgan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 26 nafar sobiq xodimlar nomiga 33,8 mln so‘m ish haqi yozilgan.

Hujjatlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi, deyiladi xabarda.