Armaniston parlamenti harbiy holatni bekor qildi

Armaniston parlamenti 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar tufayli mamlakatda 2020 yil sentyabr oyining oxirida kiritilgan harbiy holatni bekor qilishga ovoz berdi. «Harbiy holatni bekor qilish uchun 118 deputat ovoz berdi, qaror qabul qilindi», dedi parlament spikeri Ararat Mirzoyan. Harbiy holatni bekor qilish taklifi muxolifatdagi «Ma’rifatli Armaniston» va «Obod Armaniston» fraksiyalari tomonidan ilgari surilgan. — TASS.


Slovakiya tashqi ishlar va ta’lim vazirlari iste’foga chiqishdi

Slovakiya tashqi ishlar vaziri Ivan Korchok va ta’lim vaziri Bronislav Gryuling 24 mart kuni respublikada hukumat inqirozi kuchayib borayotgan bir paytda iste’foga chiqishini e’lon qilishdi. Avvalroq Vazirlar Mahkamasini iqtisodiyot vaziri Rixard Sulik, adliya vaziri Mariya Kolikova, mehnat vaziri Milan Kraynyak va sog‘liqni saqlash vaziri Marek Kraychi tark etgan edi. Slovakiyadagi hukumat inqirozi bosh vazir va «Oddiy odamlar va mustaqil shaxslar» partiyasining raisi Igor Matovichning mamlakat aholisi uchun Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini Vazirlar Mahkamasidagi sheriklarining roziligisiz sotib olish to‘g‘risida qaroridan keyin kuchaymoqda. Yevropa Ittifoqida ro‘yxatdan o‘tmagan preparatni sotib olish Slovakiya prezidentining noroziligiga sabab bo‘ldi. — Vzglyad.


Germaniyada Pasxa ta’tillaridagi karantin bekor qilindi

Germaniya kansleri Angela Merkel Pasxa ta’tillarida karantin joriy qilgani uchun fuqarolardan uzr so‘rab, cheklovlarni bekor qildi. «Bu xato edi, buning uchun men kechirim so‘rayman», dedi u. — Deutsche Welle.

Bir kun avval (23 mart), Germaniyada umummilliy karantin rejimi 18 aprelga qadar uzaytirilgani va Pasxa bayramlarida cheklovlarning kuchaytirilishi haqida xabar bergan edik.


AQSHda hujum qurollarini sotishga taqiq qo‘yilishi mumkin

AQSHning yangi hukumati Kolorado shtatidagi Boulder shahrida yuz bergan fojia munosabati bilan mamlakatda hujum qurollarini sotish va sotib olishni taqiqlashga erishadi. Bu haqda AQSH prezidenti Jo Bayden 23 mart kuni Oq uyda 10 kishining hayotiga zomin bo‘lgan otishma haqida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi. «Men Vakillar Palatasi va AQSH Senatidagi hamkasblarimni harakat qilishga chaqiraman. Biz mamlakatda hujum qurollarini taqiqlashimiz mumkin», — dedi mamlakat rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHda hujum qurollariga vaqtincha taqiq ilgari ham kiritilgan (2004 yilda tugagan va keyinchalik uzaytirilmagan). «Keyin [qonun loyihasi] qabul qilindi, u [taqiq] qonun sifatida ishladi va bu qotilliklar sonini kamaytirdi. Biz buni yana qilishimiz kerak», — deya da’vat qildi Bayden. — Oq uy veb-sahifasi.


Belarusda hokimiyatni tanqid qilganlik uchun javobgarlikka tortish bekor qilinishi mumkin

Belarus va uning davlat organlarini diskreditatsiya (badnom etish) uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritilgan yangi o‘zgartirishlarda jinoiy javobgarlikka tortish ko‘zda tutilmagan. «Qoidalarning o‘zi shunday tuzilganki, hokimiyatni oddiy tanqid qilish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi. Gap ommaviy ravishda tarqatilgan yolg‘on ma’lumotlar haqida ketmoqda», — deya izohladi Bosh prokuratura vakili. Shuningdek, javobgarlikka tortilish uchun bunday harakatlar «Belarus Respublikasi milliy xavfsizligiga zarar yetkazishga qaratilgan» bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. — TASS.


Binyamin Netanyaxuning partiyasi Isroildagi saylovlarda g‘olib bo‘lmoqda

23 mart kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning «Likud» partiyasi g‘alaba qozonmoqda. Saylovchilarning 60,9 foizi ishtirok etdi, bu 2020 yil 2 martdagi saylovlarga qaraganda deyarli 5 foizga kam. Eslatib o‘tamiz, bu so‘nggi ikki yil ichida Isroildagi to‘rtinchi parlament saylovlari. 23-Knesset (Isroil parlamenti) o‘tgan yilning dekabr oyida mamlakat davlat byudjeti tasdiqlash muddati tugashi sababli avtomatik ravishda tarqatib yuborilgan edi. — Gazeta.uz


Singapurlik blogger Facebook’da bosh vazirga qarshi tuhmati uchun 98 ming dollar jarima to‘laydi

24 mart kuni Singapur sudi mahalliy blogger Leon Ze Xyanni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun bosh vazir Li Syan Lunga 133 ming Singapur dollari (98,8 ming dollar) miqdorida tovon pulini to‘lashni talab qildi. Bloger 2018 yil noyabr oyida Facebook’da maqola e’lon qilgan. U yerda Malayziyaning sobiq bosh vaziri Nadjib Razak Li Syan Lun bilan «maxfiy bitim» tuzgani, unda Singapur banklari orqali 1MDB davlat investitsiya fondining mablag‘lari bilan noqonuniy muomalalari to‘g‘risida yozilgan. Hukumat rahbarining advokatlari 150 ming Singapur dollarini (111,4 ming dollar) undirishni talab qildilar, sudlanuvchining vakillari esa 1 Singapur dollari (70 sent) miqdorida tovon pulini talab qilishdi. — TASS.