O‘zbekiston Professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxo‘jayev Sports.uz nashriga bergan intervyusida «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvida hakam bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan fikr bildirdi. Imomxo‘jayev hakam shu yo‘l bilan futboldagi o‘zgarishlarga tupurgani, futboldan ketgan ayrim insonlarga sodiqligini ko‘rsatganini aytib o‘tdi.

«U hakam, adashmasam, 47 yoshda. Shaxsiy fikrimcha, u ataylab qildi. Futboldagi faoliyatini yaqinda tugatadigan inson u. Men uni bu narsani pul olib qildi, deb o‘ylamayman. Shunchaki, hakam yangi o‘zgarishlarga tupurib ketdi. O‘tgan yili ko‘p hakamlar futboldan chetlatildi. Bu hammaga ham yoqimli emas, kimlar uchundir yoqimsiz holat. Kimlarningdir yaqinlari ketdi. Hakam shu orqali o‘sha odamlarga o‘zining sadoqatini ko‘rsatib ketdi. Men shunaqa hisoblayman. Yoshroq hakam bunday qilmas edi, chunki u keyingi faoliyatini ham o‘ylardi. Bu hakam o‘zining keyingi faoliyati yo‘qligini bilgani uchun shu ishni qilib ketdi», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «So‘g‘diyona» — «Turon» uchrashuvida sodir bo‘lgan bahsli penalti bo‘yicha «Turon» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘yindan keyin keskin fikrlarni aytgan edi. Shundan so‘ng, Islombek Ismoilov hamda o‘sha o‘yinni boshqarib borgan bosh hakamga nisbatan jazo chorasi qo‘llanilgan.