Ispaniya parlamenti evtanaziya to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi

Ispaniyaning Deputatlar Kongressi (parlamentning quyi palatasi) 18 mart kuni mamlakatda evtanaziyani (hayotiga ixtiyoriy ravishda yakun yasash) tartibga soluvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Ispaniya sotsialistik mehnat partiyasi tomonidan taqdim etilgan ushbu tashabbusni 350 parlamentariyadan 202 nafari qo‘llab-quvvatladi. Yangi qonun uch oy ichida kuchga kirishi kutilmoqda. Qonun davolanishi yoki yaxshilanishi mumkin bo‘lmagan holda, “chidab bo‘lmas jismoniy yoki ruhiy azoblarni” keltirib chiqaradigan o‘ta xavfli kasalligi bo‘lgan yoki jiddiy, surunkali va nogiron kasallikka chalingan odamlarga evtanaziya huquqini tartibga solish uchun ishlab chiqilgan. Ushbu tashabbusga ko‘ra, Ispaniyaning voyaga yetgan fuqarosi yoki mamlakatda yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lgan kishi evtanaziyani so‘rashi mumkin. Ushbu qarorni faqat bemorning o‘zi qabul qilishi kerak va u so‘rovni ko‘rib chiqish jarayonida kamida to‘rt marta o‘z xohishini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, istalgan vaqtda shaxs o‘z arizasini qaytarib olishi yoki muddatini uzaytirishni so‘rashi mumkin. So‘rov shifokorlar tomonidan, shuningdek qonunchilik talablariga rioya qilinishini nazorat qiluvchi maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Shunday qilib, Ispaniya evtanaziyani qonuniylashtirgan Yevropaning to‘rtinchi (Belgiya, Lyuksemburg, Niderlandiya) davlatiga aylandi. — Ispaniya parlmamentining veb-sahifasi.

Avstraliya aholisi 100 yildan beri ilk bor kamaydi

2020 yil bahoridan pandemiya sababli chegaralari yopiq bo‘lgan Avstraliyada Birinchi Jahon Urushidan beri ilk bor aholi sonining uch oy ichida pasayishi qayd etildi, deya ma’lum qildi mamlakat Statistika byurosining demografiya bo‘yicha direktori Fil Brauning. 2020 yilda mamlakat aholisi 4200 kishiga kamayib, 25 693 059 kishiga yetdi. 55 400 kishi mamlakatni tark etdi, 20 600 kishi chet eldan keldi. Bungacha, oxirgi marta Birinchi Jahon urushi paytida 1916 yilning so‘nggi uch oyida aholining kamayishi kuzatilgan edi, deb yozadi The Sydney Morning Herald. O‘shanda qit’a aholisi 51,5 ming kishiga kamaygan edi. Mutaxassislar aholining kamayishini muhojirlar oqimining kamayishi va tug‘ilish darajasining pastligi bilan izohlamoqda. 2019 yil sentyabr oyida migrantlar Avstraliya aholisi o‘sishining 63 foizini tashkil etgan; 2020 yil sentyabrida bu ko‘rsatkich 39 foizdan pastga tushdi. Hali ham yopiq bo‘lgan chegaralar muhojirlar oqimining yanada kamayishi xavfini tug‘diradi. KPMG bosh iqtisodchisi Brendan Rinnening so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 12 oy ichida Avstraliyaga muhojirlarning sof oqimi deyarli 65 foizga kamaydi. Tug‘ilish darajasi 2020 yilda 2,2 foizga, ya’ni deyarli 7000 kishiga kamaydi. O‘tgan yili mamlakatda 299,5 ming bola tug‘ilgan. Bu so‘nggi 11 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich va tug‘ilishning 24 yil ichidagi eng katta pasayishi, deya yozmoqda nashr. Mutaxassislar tug‘ilish darajasining pasayishini odamlarning iqtisodiyot istiqbollariga nisbatan ishonchsizligi bilan izohlamoqda. — The Sydney Morning Herald.

2021 yil boshidan beri Turkiyada kamida 26 ta teraktning oldi olindi

Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu 18 mart kuni respublika xavfsizlik kuchlari 2021 yilning birinchi oylarida kamida 26 ta teraktning oldini olishga muvaffaq bo‘lganini aytdi. “Yil boshidan beri 26 ta teraktning oldi olindi”, — deya uning so‘zlarini keltirgan Anadolu agentligi. Ayni paytda, Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda 152 ta terroristik jinoyatning oldi olingan. Soyluning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil boshidan beri Turkiyada “Kurdiston ishchilar partiyasining 121 jangari xavfsiz holga keltirildi”. — Anadolu.

Bishkekda Navro‘zni nishonlash bekor qilindi

Bishkek meriyasi koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘payganligi sababli Nooruzni (Navro‘z) nishonlashni bekor qilishga qaror qildi. “COVID-19 koronavirus infeksiyasi tufayli kelib chiqadigan kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida shahar meriyasi huzuridagi shahar favqulodda epidemiya va epizootiyaga qarshi komissiyasi Nooruz bayramiga bag‘ishlangan ommaviy tadbirlarni Bishkek hududida o‘tkazishni bekor qildi”, — deyiladi meriya bayonotida. 18 mart holatiga ko‘ra Bishkekda 2551 ta koronavirusga chalinish va pnevmoniya kasalligi qayd etilgan. — Gazeta.uz

Belarus muхolifati internetda umummilliy ovoz berish to‘g‘risida e’lon qildi

Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya mamlakat xalqiga umummilliy ovoz berishni taklif qildi va buni xalqaro sheriklar uchun amalga o‘tish belgisi deb atadi. “Mamlakatda inqiroz mavjud va biz uni xalqaro vositachilik bilan muzokaralar va tinch yo‘l bilan hal qilishimiz mumkin. Biz bu ovoz berishni ko‘cha noroziliklari o‘rniga boshlamaymiz. Biz buni ko‘cha noroziliklari bilan birgalikda amalga oshirmoqdamiz”, dedi u o‘zining videomurojaatida. Muxolifat ovoz berishni “Golos” onlayn maydonchasida Telegram, Viber va platformaning veb-sayti orqali ovoz berishni taklif qilmoqda. Tixanovskaya chet ellik siyosatchilar va tashkilotlar bilan yetti oy davomida ishlaganini, Belarusdagi vaziyat haqida gaplashib, ularning yordam berish roziligini olib qo‘yganini ta’kidladi. “Sizning ovozlaringiz bizni xalqaro tuzilmalar — YeXHT va BMT tomonidan hal qiluvchi qadamlarga erishishda yordam beradi. Ular platformani tashkil qilishga va vositachilik qilishga tayyor, shuningdek rejimni muzokaralarga majburlay oladilar”, dedi u. Muxolifat, dedi prezidentlikka sobiq nomzod, “o‘tish davrida xavfsizlikni qanday saqlash, iqtisodiyotni barqarorlashtirish va yangi prezident saylovlarini tayyorlash to‘g‘risida” qaror loyihasini tayyorlaydi. — Interfaks.

Baydenning so‘zlaridan keyin Rossiyaning AQSHdagi elchisi Moskvaga maslahat uchun chaqirildi

Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov Moskvaga “Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlar sharoitida nima qilish va qayerga harakat qilish kerakligini” tahlil qilishga qaratilgan maslahatlashuvlarga taklif qilindi, dedi Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova. Rossiya TIV va boshqa idoralardagi uchrashuvlar chog‘ida inqirozga uchragan Rossiya-Amerika aloqalarini to‘g‘rilash yo‘llarini muhokama qilish rejalashtirilgan, deyilmoqda. Rossiya diplomatik vakolatxonasi “mavjud vaziyat Vashingtonning o‘tgan yillar davomida, aslida, ataylab ikki tomonlama hamkorlikni qiyin ahvolga olib borgan maqsadga muvofiq siyosatining natijasi” ekanligini ta’kidladi. “Ma'muriyatning mamlakatimizga nisbatan konstruktiv bo‘lmagan yo‘nalishi Rossiya va AQSH manfaatlariga javob bermaydi va AQSH rahbarlarining ba’zi o‘ylamagan bayonotlari ziddiyatli munosabatlarga xavf tug‘diradi”, deb ta’kidladilar rossiyalik diplomatlar. Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiya AQSHadagi prezidentlik saylovlariga aralashganini va uning qilmishi uchun javob berishi kerakligini aytgan edi. U Rossiya “haq to‘laydi” dedi, qo‘shimcha izoh berishdan tiyilib. — Interfaks.